Huawei 1
G‘azoda ocharchilik yuzaga kelgani rasman tasdiqlandi

BMT agentliklari, insonparvarlik tashkilotlari va bir qancha mamlakatlar hukumatlarini birlashtirgan global tashabbus (IPC) shunday xulosaga keldi. IPC ning maqsadi ma’lum bir mintaqada ocharchilik mavjudligini aniqlash, uning mohiyatini ochiqlash va uni bartaraf etish bo‘yicha yechimlarni taklif qilishdir.

Juma kuni tashkilot tegishli hisobotini e’lon qildi, unda G‘azo sektorida ocharchilik sun’iy ravishda yaratilgani, ya’ni uni istalgan vaqtda to‘xtatish mumkinligi aytiladi. Bu Yaqin Sharq mintaqasida birinchi marta ocharchilik rasman tasdiqlangan holat hisoblanadi.

IPC ma’lumotlariga ko‘ra, sektorda kamida yarim million odam allaqachon ochlik, qashshoqlik va o‘limga duch kelgan. Sentyabr oyi oxiriga kelib, ocharchilik Dayr al-Balah va Xon Yunis hududlariga ham keng tarqalishi mumkin.
IPC bir necha kun ichida butun G‘azo sektori bo‘ylab ochlikdan o‘lim holatlarining ko‘payishi xavfidan ogohlantirdi.

"Munozara va ikkilanish vaqti o‘tdi, G‘azoda haqiqatan ham ocharchilik mavjud va u juda tez tarqalmoqda. Shoshilinch va keng ko‘lamli javob choralari zarurligiga hech kim shubha qilmasligi kerak. Har qanday kechikish, hatto u bir necha kunga bo‘lsa ham, ochlik bilan bog‘liq o‘limlarning mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydigan darajada o‘sishiga olib keladi", deyiladi hisobotda.

Gumanitar yordam uchun mas’ul bo‘lgan Isroilning Hududlardagi Hukumat Faoliyatini Muvofiqlashtiruvchi Qo‘mitasi (COGAT) IPC xulosalari "HAMAS tomonidan taqdim etilgan to‘liq bo‘lmagan va noxolis ma’lumotlarga" asoslangan deya munosabat bildirdi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 82301 | Инструменты