Germaniya prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer 20-Bundestagni rasman tarqatib yubordi va navbatdan tashqari saylovlarni 23-fevralga belgiladi.
Qaror hukmron koalitsiya parchalangani va kansler Olaf Sholsning parlament ishonchini qozonishga bo‘lgan muvaffaqiyatsiz urinishidan so‘ng qabul qilingan.
“Qiyin paytlarda mamlakatga layoqatli hukumat va barqaror ko‘pchilik kerak”, deb tushuntirdi Shtaynmayer.
Prezident o‘z murojaatida partiyalarni halol va shaffof saylov kampaniyasini o‘tkazishga chaqirdi, shu bilan birga, Tesla asoschisi Ilon Maskni qattiq tanqid qildi. Shtaynmayer amerikalik biznesmenning “Germaniya uchun muqobil” partiyasini qo‘llab-quvvatlashiga ishora qilib, mamlakat siyosatiga ochiq aralashuvini qoraladi.
“Qaror faqat saylov huquqiga ega bo‘lgan barcha Germaniya fuqarolari tomonidan qabul qilinadi. Bu saylov kampaniyasida nafrat va zo‘ravonlikka o‘rin yo‘q”, deydi u.
Prezident bo‘lajak hukumat oldida iqtisodiy inqiroz, migratsiyani boshqarish, iqlim o‘zgarishi va xalqaro mojarolar kabi muhim vazifalar turganini ta’kidladi.
“Muammolarni hal qilishni yana siyosatning asosiy vazifasiga aylantirish vaqti keldi. Ayni paytda odamlar aynan shuni kutmoqda”, deya qo‘shimcha qildi siyosatchi.
Shtaynmayer, shuningdek, bo‘lajak saylovlar dolzarb vazifalarni bajarishga tayyor bo‘lgan kuchli hukumatni shakllantirish imkonini berishiga umid bildirdi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 122816 | Инструменты