Huawei 1
Hibsga olingan sobiq Istanbul hokimi Ekrem Imomo‘g‘lining sudi keyinga surildi

Hibsga olingan sobiq Istanbul hokimi va Turkiya muxolifati vakili Ekrem Imomo‘g‘li ishi bo‘yicha sud ishi joriy yilning 26 sentyabr kuniga qoldirildi. Bu haqda “Dunya” xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Imomo‘g‘li ustidan ochilgan sud tinglovi bugun, 12 iyun kuni o‘tkazilishi rejalashtirilgan, ammo u va uning advokatlari sudning joyi oxirgi daqiqada o‘zgartirilganini “qonuniy emas” deb ta’kidlab, sud majlisiga borishdan bosh tortgan. Shundan so‘ng sud navbatdagi tinglov sessiyasini 26 sentyabrga qoldirgan.

“Sud ishi prinsiplariga rioya qilinmayapti, bunday jarayonga ishtirok etmayman”, deya o‘z qarorini bildirgan Imomo‘g‘li. 

Sud majlisi dastlab Istanbulning Chag‘layan sud binosida bo‘lishi kerak edi, lekin bir kun oldin sud manzili o‘zgartirilib, Silivri qamoqxonasidagi sud zaliga ko‘chirildi. 

Prokurorlar Imomo‘g‘liga nisbatan 2-4 yillik qamoq va siyosiy faoliyatdan chetlashtirish chorasini qo‘llashni talab qilmoqda.

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning asosiy siyosiy raqibi hisoblangan Ekrem Imomo‘g‘li joriy yilning 19 mart kuni poraxo‘rlik va jinoiy tashkilot yuritishda gumonlanib, hibsga olingan edi. Turkiyaning davlatga qarashli “Anadolu” agentligining xabar berishicha, siyosatchi terrorchilikda ayblanib, tergov qilinmoqda. Xususan, u Turkiyada taqiqlangan Kurdiston ishchilar partiyasini qo‘llab-quvvatlaganlikda ayblanmoqda.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 82823 | Инструменты