U asosiy raqobatchisi Jeff Bezosni ortda qoldirdi
Rossiyaning “Forbes” nashri oʻzining yillik reytingida “Tesla” kompaniyasining eng yirik aksiyadori Ilon Maskni sayyoradagi eng boy odam deb baholadi. Qayd etishilicha, uning boyligi 219 milliard dollarga yetgan.
Ahamiyatli jihati, ushbu nashr oʻzining yillik reytingida ilk bor tadbirkorni sayyoradagi eng boy odam sifatida eʼtirof etdi. Oʻtgan yilgi reytingda u 151 milliard dollar bilan ikkinchi oʻrinni egallagan edi. Soʻnggi 12 oy ichida Mask 68 milliard dollarga boyigan va u bu orqali asosiy raqibi bo'lgan “Amazon” asoschisi Jeff Bezosni ortda qoldirgan. Bezosning boyligi 171 milliard dollarga baholanmoqda, bu bir yil avvalgidan 6 milliard dollarga kam.
Ilon Mask oʻzining birinchi biznesini 1995-yilda akasi bilan birga boshlagan. O’shanda ular axborot agentliklariga internetda kontent chop etish va oʻz mijozlariga qoʻshimcha pullik xizmatlar taklif qilish imkonini beruvchi dasturiy taʼminot ishlab chiqaruvchi “Zip2” kompaniyasiga asos solgan edi. 1999-yilda bu startap “Compaq” tomonidan 304 million dollarga sotib olingan. “Zip2”da 7 foiz ulushga ega boʻlgan Mask 22 million dollar olgan. 2002-yili Mask “SpaseX” kompaniyasiga asos soldi, bir yildan keyin esa “Tesla Motors” tashkil etildi. 2008-yil dekabr oyida NASA “SpaseX” bilan 1,6 milliard dollarlik shartnoma imzoladi va oʻsha yili “Tesla” oʻzining birinchi avtomobili — “Tesla Roadster”ni sotuvga chiqardi.
Ma'lumot uchun, Mask 2012-yilda ilk bor “Forbes” roʻyxatiga kirgan edi. O'sha paytda u 2,4 milliard dollar boyligi bilan 190-oʻrinni egallagan edi. 2019-yilda “Tesla” dunyodagi eng yirik elektromobillar ishlab chiqaruvchisiga aylandi, 2021-yil oktyabr oyida uning kapitallashuvi birinchi marta 1 trillion dollardan oshgan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 70619 | Инструменты