Huawei 1
«Intizomli, sodiq va qo‘rquv bilmas kuch». Ukrain harbiylari shimoliy koreyaliklar haqida

Ukraina hamon Rossiya hududining bir qismini ushlab turgan Kursk oblastida shimoliy koreyalik harbiylar paydo bo‘lishi Ukraina qurolli kuchlari uchun vaziyatni «sezilarli darajada yomonlashtirdi», degan bir necha ukrain harbiylari The New York Times bilan suhbatda.

Ularning so‘zlariga ko‘ra, KXDRdan kelgan harbiylar tufayli janglar «avvalgiga qaraganda ancha shiddatli» tus olgan. «Ular [shimoliy koreyalik askarlar] bizning front chiziqlarimizga yopirilib, zaif nuqtalarni topishmoqda va yorib o‘tishmoqda», — deydi Ukraina qurolli kuchlari vzvodi komandiri, 30 yoshli kichik serjant Aleksey (The New York Times maqolasida deyarli barcha ismlar xavfsizlik nuqtayi nazaridan o‘zgartirilgan).

Harbiy razvedka zobiti, 44 yoshli Andrey agar javob qaytarilmasa, «raqib o‘zini ustun his qilishi»ni qo‘shimcha qiladi. «Kimdir sizni urishda davom etsa va siz qarshilik ko‘rsatmasangiz, hujum qilayotgan o‘zini psixologik jihatdan qulay his qilib, o‘zidan ketadi», — deydi u.

Ukrainalik harbiylar Shimoliy Koreya qo‘shini «intizomli, sodiq va qo‘rqmas kuch» sifatida jang qilishi, odatda katta bo‘linmalar hatto minalangan maydonlar bo‘ylab harakatlanishi — artilleriya o‘qlari ostida va dronlar ta’qib etganida ham oldinga yurishda davom etishini aytib berishgan.

11 yanvar kuni Volodimir Zelenskiy Ukraina qurolli kuchlari ilk marta Shimoliy Koreyaning Rossiya tomonida turib jang qilgan ikki fuqarosi qo‘lga olingani haqida xabar berdi. «Bu vazifa oson bo‘lmadi: odatda ruslar va Shimoliy Koreya jangchilari yaradorlarni yo‘q qilishadi va Ukrainaga qarshi urushda yana bir davlat – Shimoliy Koreya ishtiroki haqida hech qanday dalil bo‘lmasligi uchun hamma choralarni ko‘radi», — degandi ukrainlar prezidenti. Ikki kun o‘tganidan keyin u asirlar so‘roq qilinishi videosini e’lon qildi, unda tarjimon orqali javob qaytargan asirlar qayerdaligini bilishmasligini aytishgan, ulardan biri urushga emas, mashg‘ulotga deb Rossiya hududiga olib o‘tilganini bildirgan.

Umuman olganda, ukrain harbiylari Kursk oblastidagi janglarni juda og‘ir deb ta’riflashgan. NYT qayd etishicha, so‘nggi kunlarda ukrain kuchlari Sudjadan g‘arbdagi hududlarni egallashga urinib, hujum boshlagan.

Vzvod komandiri, serjant Oleksandrning so‘zlariga ko‘ra, Kursk oblastidagi janglar u 2014 yilda armiya safiga kirganidan buyon guvoh bo‘lgan eng og‘ir janglar bo‘lmoqda. U vaziyatni Baxmut atrofidagisi bilan solishtirgan, ikki yil muqaddam bu yerda ukrain qo‘shini pulemyotchilarni muntazam ravishda almashtirib turishiga to‘g‘ri kelgandi, chunki ular juda ko‘p odamni o‘ldirishga ruhan bardosh bera olmagan. «Ikki soatda shunchalik ko‘p odamni yer tishlatganidan keyin ular bunga ruhan dosh berolmasdi. Hozir bu yerda ham shunaqa bo‘lmoqda», — degan u.

Yana bir serjant, piyodalar vzvodi komandiri bo‘lgan 46 yoshli Oleksandr rossiyaliklar «bu hududni har qanday qurbonlik evaziga bo‘lsa ham egallashi lozimligi va ular buning uchun barcha kuchlarini tashlayotgani, ukrainlar ham hududni ushlab turish uchun bor imkoniyatini ishga solayotgani»ni ta’kidlagan. Shu bilan birga, Rossiya qo‘shini frontning boshqa uchastkalarida ham hujumlarni davom ettirmoqda. Ko‘plab ukrain harbiylari hisoblashicha, agar Kursk oblastida Rossiya kuchlarini o‘ziga jalb qilgan amaliyot o‘tkazilmaganida, armiyaning Ukraina sharqidagi yo‘qotishlari hozirgidan ancha katta bo‘lgan bo‘lardi. «Biz tushunishimiz kerakki, ruslar bu hududda o‘zlarining elita askarlari va eng yaxshi zaxiralaridan foydalanmoqda. Ular Ukrainaning boshqa qismlarida nimalar qilishi mumkinligini hisobga olsak, bu yaxshi», — deydi 47-mexanizatsiyalashgan brigada batalyoni komandiri, 30 yoshli Oleksandr Shirshin.

U urushning uch yili davomida ukrainlarning ruhiyati pasayganini tan oladi, biroq, uning so‘zlariga ko‘ra, askarlarning ko‘pchiligi hozir ham nima uchun jang qilishi lozimligini tushunadi. «To‘xtash bizning o‘limimizni anglatadi — vassalom», — deydi u.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 11701 | Инструменты