Ulardan 70 millioni 5–9 yoshli bolalar, yana 100 millioni esa 10–19 yoshli oʻsmirlardir. Ushbu yosh guruhida semizlik darajasi 1990-yildan buyon to‘rt baravarga oshdi
Butun dunyo bo‘ylab 170 milliondan ortiq bola va o‘smir semizlikdan aziyat chekmoqda. Bu haqda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti xabar berdi.
Tashkilot maʼlumotlariga koʻra, 5 yoshdan 19 yoshgacha boʻlgan 170 million bola va oʻsmirda semizlik aniqlangan. Ulardan 70 millioni 5–9 yoshli bolalar, yana 100 millioni esa 10–19 yoshli oʻsmirlardir. Ushbu yosh guruhida semizlik darajasi 1990-yildan buyon to‘rt baravarga — 2% dan 8% gacha oshdi.
JSST bolalarda semirishni davolash bo‘yicha ilk bor tavsiyalarini e’lon qildi. Tashkilot jismoniy faollik, sog‘lom ovqatlanish va xulq-atvorni o‘zgartirishga qaratilgan choralarni tavsiya qilgan. Shuningdek, JSST 9 yoshgacha bo‘lgan bolalarda semirishni davolash uchun dori vositalari, vazn kamaytirishga qaratilgan jarrohlik amaliyotlari yoki maxsus qurilmalardan foydalanishni tavsiya etmaydi.
Tashkilotning ta’kidlashicha, semirishni faqat davolash orqali to‘xtatib bo‘lmaydi. Shu sababli, davlatlar sog‘lom ovqatlanish va jismoniy faollikni aholiga yanada qulay va hamyonbop qilishga qaratilgan choralarni ko‘rishi kerak.
2024-yilda semizlik butun dunyo boʻylab 3,7 million kishining oʻlimiga sabab boʻlgan. Qoʻshimcha choralar koʻrilmasa, 2030-yilga kelib dunyoda semizlikdan aziyat chekayotganlar soni ikki baravar koʻpayishi mumkin.
Alpha version: 0.9.1.19 build 110315 | Инструменты