Kaspiy dengizi qirg‘oqlarida 24-oktyabrdan 18-noyabrgacha 1 155 ta dengiz mushugining o‘ligi topildi.
«Mang‘istau viloyati qirg‘oqlarini vertolyotda ko‘zdan kechirish chog‘ida yana 834 ta dengiz mushugining o‘ligi topildi. Bu davr mobaynida jami 1 989 dona havyon jasadi yig‘ib olindi», — deyiladi xabarda.
Mang‘istau viloyati baliqchilik inspeksiyasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi Andrey Rutskiyning so‘zlariga ko‘ra, dengiz mushuklarining jasadlariga ancha muddat bo‘lib qolgan, shuning uchun patologik material olishning imkoni bo‘lmagan.
«Biz ularning to‘qimalari va ichki a’zolaridan namunalar oldik. Parranda grippi, vabo, va boshqa yuqumli kasalliklar mavjudligini tekshirish uchun tahlil o‘tkazildi. Barcha testlar bu kasalliklarning yo‘qligini ko‘rsatdi. O‘lgan dengiz mushuklarining jasadlari utilizatsiya qilish uchun Tupqorag‘on tumanidagi poligonga jo‘natildi. Ularning o‘limi sabablari barcha laboratoriya tekshiruvlari o‘tkazilgandan keyin aniqlanadi. Ilmiy tashkilotlarning fikriga ko‘ra, bu bir necha oy davom etishi mumkin. Biz 2000 ga yaqin jonivorlarning hammasi baliqchilarning to‘rlari tufayli nobud bo‘lgan deb ayta olmaymiz, garchi ba’zi hollarda shunday bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Taxminlardan biri shuki, bir necha hafta davom etgan bo‘ron paytida boshqa mamlakatlar qirg‘oqlarida nobud bo‘lgan dengiz mushuklari jasadi bizning sohillarimizda to‘planib qolgan bo‘lishi ehtimoli bor», — dedi Andrey Rutskiy.
Alpha version: 0.9.1.19 build 112115 | Инструменты