Huawei 1
“Miss International – 2024” go‘zallik tanlovida vetnamlik Xyuin Txi Txan Txyui g‘olib bo'ldi

12 noyabr kuni Yaponiya poytaxti Tokio shahrida yakunlangan “Miss International – 2024” go‘zallik tanlovida vetnamlik Xyuin Txi Txan Txyui g‘olib deb e’lon qilindi. Bu haqda tanlovning rasmiy saytida xabar berildi. 

Qayd etilishicha, “Miss International – 2024” mukofotini topshirish marosimi Tokiodagi “Tokyo Dome” stadionida o‘tkazilgan. 62-xalqaro tanlov barcha ishtirokchilarning milliy liboslardagi chiqishi bilan boshlangan. Finalda Boliviya, Polsha, Chexiya, Vetnam, Indoneziya, Ispaniya, Yangi Zelandiya va Venesuela vakilalari ishtirok etgan. Tanlov qoidalariga ko‘ra, ular yakuniy bosqichda boshlovchilarning savollariga javob berishi zarur bo‘lgan va gender tengligi, sun’iy intellekt, liderlik, ekologiya va iqtisodiyot kabi mavzularda o‘z fikrlarini bayon qilgan.

Mazkur bosqich davomida Txan Txyuiga hozirgi avlod ta’lim tizimiga kuchli ta’sir qilgan voqea haqida savol berilgan va u pandemiya davrida global ta’lim tizimining rivojlanishi bu borada eng katta ta’sir ko‘rsatganini ta’kidlagan.

“COVID-19 tufayli uyda qolishimizga va onlayn ta’limga o‘tishimizga to‘g‘ri keldi. Bu esa Edtech (ta’lim texnologiyalari) rivojlanishi uchun imkoniyat yaratdi. Umid qilamanki, talabalarga ׅEdtech yordamida o‘rganish va izlanish imkoniyatlari ko‘proq bo‘ladi. Bu “Barqaror rivojlanishning 4-maqsadi” – sifatli ta’limga kirish imkoniyati bilan hamohang”, dedi u.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 22 yoshli go‘zallik malikasi Vetnamning Danang qirg‘oq shahrida yashaydi. U mahalliy chet tillari universitetida o‘qiydi va koreys hamda ingliz tillarini biladi. Txan Txyuining bo‘yi 1,76 m bo‘lib, o‘lchamlari 80-63-94 santimetrni tashkil etadi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 111416 | Инструменты