Mashhur turkiyalik aktyorlar Halit Ergench (“Muhtasham yuz yil” serialida Sulton Sulaymon rolini ijro etgan) va Riza Kojao‘g‘li (“Chuqur” serialida Alicho rolini ijro etgan) “yolg‘on guvohlik berish” jinoyatida aybli deb topilib, ozodlikdan mahrum etildi. Bu haqda “Milliyet” xabar berdi.
Istanbul Bosh prokuraturasi tomonidan tayyorlangan ayblov xulosasida Halit Ergench va Riza Kojao‘g‘li “shubhalanuvchi” sifatida ko‘rsatilgan. Ular 2013 yilda bo‘lib o‘tgan Gezi Parki voqealari bo‘yicha ayblanayotgan aktyor va norozilik namoyishlari targ‘ibotchisi Memet Ali Alabora bilan aloqalari bor-yo‘qligi haqida guvohlik bergan, ammo bu guvohliklar haqiqatga zid bo‘lgani qayd etilgan.
Sud hujjatlariga ko‘ra, Ergench va Kojao‘g‘li o‘z bayonotlarida Alabora bilan faqat san’at doirasida tanish bo‘lganini bildirgan, boshqa tomonlama aloqalari yo‘qligini aytishgan. Biroq 2013 yildagi Gezi voqealari davrida ular o‘rtasida bog‘lanishlar bo‘lgani mobil aloqa yozuvlari orqali aniqlangan. Ergench Alabora bilan 12 marta, Kojao‘g‘li bilan esa 1 marta aloqada bo‘lgani aniqlangan.
Bundan tashqari, ular Gezi Parki norozilik namoyishlarida Alabora bilan birga ishtirok etgani aks etgan suratlar va videolar ham mavjudligi aytilmoqda.
Prokuratura ularning yolg‘on guvohlik berib, tergovni chalg‘itganini e’tiborga olib, 2 yildan 4 yilgacha ozodlikdan mahrum qilishni so‘ragan edi.
Sud esa Halit Ergenchni 1 yil 10 oy 15 kun, Riza Kojao‘g‘lini esa 1 yil 8 oy ozodlikdan mahrum etgan. Sud ushbu qaror orqali guvohlik berishda rostgo‘ylikning muhimligi va yolg‘on guvohlik jiddiy jinoyat ekanini ta’kidlagan.
Ma’lumot uchun, Gezi Parki voqealari yoki Gezi Parki norozilik namoyishlari 2013 yil 28 may kuni Istanbuldagi Gezi Parkida boshlangan edi. Bu harakat tez orada so‘z erkinligi, ommaviy axborot vositalariga senzura, avtoritarizm kabi ijtimoiy muammolar va Rajab Toyib Erdo‘g‘anning siyosatiga qarshi yirik norozilik harakatiga aylandi. Ijtimoiy tarmoqlarning faolligi bilan bu namoyishlar Turkiya Respublikasi tarixidagi eng katta ommaviy norozilik harakatlaridan biriga aylandi. Hukumat ma’lumotiga ko‘ra, taxminan 3,6 million kishi Turkiya bo‘ylab tashkil etilgan 5 mingga yaqin norozilik namoyishlarida faol ishtirok etgan. Ushbu voqealarda 22 kishi halok bo‘lgan, 8 mingdan ortiq odam jarohat olgan, ko‘plari og‘ir ahvolda bo‘lgan.
Memet Ali Alabora ham turk aktyori sanaladi. U 2013 yildagi Gezi Parki namoyishlari paytida faol ishtirok etgani bilan keng tanilgan. U namoyishlarni jamoatchilik oldida qo‘llab-quvvatlagan va bu pozitsiyasi uchun hukumat tanqidiga uchragan. Ayrim turk rasmiylari va hukumat tarafdorlari uni namoyishlarni qo‘zg‘atishda va targ‘ib qilishda ayblagan.
Gezi voqealaridan keyin u o‘zini siyosiy bosim ostida sezgan va ma’lum vaqtdan keyin Turkiyadan chiqib ketgan. U haqida tergov ishlari olib borilgan, jumladan, 2025 yilda u aloqada bo‘lgani aytilgan mashhur aktyorlar ham ayblangan va sudga tortilgan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 52723 | Инструменты