Huawei 1
Yevroittifoq Rossiyaga qarshi sanksiyalarni AQSh bilan birgalikda qo‘llamoqchi

Yevropa Ittifoqi hamkorlari, jumladan, AQSh bilan kelishilgan holda Rossiyaga qarshi sanksiyalarni qo‘llash niyatida. Bu haqda Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Kaya Kallas 26 may, dushanba kuni Bryusselda bo‘lib o‘tgan tashqi ishlar vazirlarining uchrashuvi chog‘ida ma’lum qildi: «Biz Rossiyaga bosim o‘tkazishimiz kerak, shunda u yerda ham tinchlikka intilish paydo bo‘ladi», — deya uning so‘zlaridan iqtibos keltiradi jurnalistlar.

Siyosatchining so‘zlariga ko‘ra, Yevropa tomoni bunga tayyor va boshqa xalqaro hamkorlar ham undan o‘rnak olishiga umid qilmoqda. Shu bilan birga, Kallas Rossiya armiyasining yaqinda Kiyevga bergan zarbalarini «mutlaqo dahshatli» deb atadi va shu tariqa Moskva Ukrainaga bosim o‘tkazmoqda, degan taxminni ilgari surdi.

Bir kun oldin ham Kaya Kallas Rossiyaga bosimni kuchaytirishga chaqirgandi. «Kechagi hujumlar Rossiyaning Ukrainada yanada azob-uqubat va vayronagarchilikka intilayotganidan dalolat beradi. Begunoh qurbonlar, yaradorlar va halok bo‘lganlar orasida bolalarni ko‘rish shokka soladi. Mening o‘y-xayollarim bugun mana shu oilalarda. Bu urushni to‘xtatish uchun Rossiyaga eng kuchli xalqaro bosim kerak», — deb yozdi u ijtimoiy tarmoqda.

Avvalroq Volodimir Zelenskiy Ukraina shaharlariga uyushtirilgan ommaviy hujumlar fonida Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar qo‘llashga chaqirgan edi. «Rossiyaning har bir bunday terrorchilik zarbasi yangi sanksiyalar uchun yetarli sababdir. Rossiya bu urushni cho‘zmoqda va har kuni odamlarni o‘ldirishda davom etmoqda», deb yozdi mamlakat prezidenti Telegramʼda.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 52806 | Инструменты