Janubi-sharqiy Osiyoda 2000 dan ortiq kishining hayotiga zomin bo‘lgan 7,7 magnitudali vayronkor zilziladan qariyb 60 soat o‘tganida Myanmada vayronalar ostidan yana to‘rt kishi tirik holda olib chiqildi. Mamlakat o‘t o‘chirish xizmati ma’lum qilishicha, ular shimoldagi Sagaing viloyatidagi maktab binosi xarobalari ostidan qutqarib qolingan, u yerdan bir kishi jasadi ham topilgan.
Qutqaruv ishlari zilziladan eng ko‘p jabr ko‘rgan Myanmada ham, qo‘shni Tailandda ham davom etmoqda. Yuzlab odamlar hali ham bedarak yo‘qolganlar ro‘yxatida qolmoqda.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Myanmada 2056 kishining o‘limi tasdiqlangan, 3,9 ming kishi jabrlangan, yana 270 dan ortiq kishi bedarak yo‘qolgan deb hisoblanmoqda. Myanma hukumati 31 martdan 6 aprelga qadar milliy motam e’lon qilgan.
Bangkokda qurbonlar soni hozircha 18 kishi bo‘lib turibdi. Qurilayotgan ko‘p qavatli bino qulashi oqibatida 76 nafar ishchi bedarak yo‘qolgan.
Qutqaruv ishlari juma kunidan beri olib borilmoqda va Myanmaga allaqachon xalqaro yordam yetib kela boshladi, ammo eng ko‘p zarar ko‘rgan hududlarga yetib borish kechikmoqda va mahalliy aholi vayronalar ostida qolganlarni qo‘lda qazib olishga urinmoqda.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti shifoxonalar yaradorlar bilan to‘lib-toshganini aytmoqda, Jahon oziq-ovqat dasturi vakili esa BBC’ga ko‘chirilgan minglab odamlar oziq-ovqat, dori-darmon va boshpanaga ega emasligini xabar qildi.
Mamlakatning ikkinchi yirik shahri Mandalayda mahalliy maktab o‘qituvchisi yakshanba kuni BBC’ga hozircha insonparvarlik yordamini ko‘rmaganini aytgan. «Yordam kelyapti deyishyapti, lekin odamlar hali ham azob chekmoqda», – deydi u.
Qo‘shni Sagaing shahrida yashovchi ayolning aytishicha, ko‘chalarda jasadlarning qo‘lansa hidi anqimoqda.
Butun markaziy Myanma bo‘ylab qutqaruv guruhlari uskunalar yetishmovchiligiga duch kelmoqda va ba’zi qutqaruvchilar jabrlanganlarni quruq qo‘llari bilan qazib olishmoqda. Elektr va aloqa uzilishlari, yo‘llar va ko‘priklar shikastlangani ham qutqaruv ishlarini murakkablashtirmoqda.
Shanba kuni kechqurun Myanma poytaxtida Neypidoda 36 soat davomida kasalxona vayronalari ostida qolgan keksa ayol qutqarib olingan.
Mahalliy o‘t o‘chirish xizmatlariga ko‘ra, Mandalayda qulagan turar joy binosi xarobalari ostidan 29 kishi qutqarilgan.
AQSh Geologiya xizmati (USGS) xabar berishicha, 28 mart kuni 7,7 va 6,4 magnitudali ikkita zilzila ro‘y bergan.
USGS ma’lumotiga ko‘ra, birinchi, nisbatan kuchliroq zilzila juma kuni kunduzi, mahalliy vaqt bilan soat 12:50 atrofida Myanmaning markaziy qismida sodir bo‘lgan. Ikkinchi silkinish 12 daqiqa o‘tib kelgan, uning magnitudasi 6,4 bo‘lgan, epimarkaz – Mandalay yaqinida, Sagaing regionining shu nomli markazidan 18 km janubda joylashgandi.
Zilzila o‘chog‘i atigi 10 kilometr chuqurlikda bo‘lgani tufayli yer yuzasida oqibatlar kuchliroq bo‘lgan.
Shundan keyin ko‘plab aftershoklar davom etmoqda. Yakshanba kuni Mandalaydan shimoli-g‘arbda 5,1 magnitudali silkinish qayd etilgan.
Bangkokda qurilayotgan ko‘p qavatli bino qulab, unda ishlayotgan ko‘plab ishchilar halok bo‘lgan.
Tailand bosh vaziri o‘rinbosari Anutin Charnvirakul yakshanba kuni qutqaruvchilar bino xarobalari ostida hayot alomatlarini payqashganini aytdi, ammo xarobalar ostida qolganlarni tirik holda chiqarib olishga umid katta emasligidan ogohlantirdi.
Shuningdek, Tailand sanoat vaziri Akanat Prompxanning jurnalistlarga ma’lum qilishicha, bino qurilishida ishlatilgan po‘latda «anomaliya holatlari» aniqlangan va tahlil uchun namunalar olingan.
Myanmaga turli mamlakatlardan qutqaruvchilar kelishda davom etmoqda. Xitoydan 82 kishidan iborat qutqaruvchilar guruhi allaqachon yetib kelgan, Hongkong 50 dan ortiq qutqaruvchini yuborgan. Hindistondan ham qutqaruvchilar guruhi va eng zarur buyumlar ortilgan samolyot uchib keldi.
Malayziya tashqi ishlar vazirligi tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etishda yordam berish uchun 50 kishidan iborat guruhni yuborishini ma’lum qildi.
Filippin, Vetnam, Indoneziya, Irlandiya, Janubiy Koreya, Rossiya, Yangi Zelandiya va AQSh ham qutqaruv guruhlarini yubormoqda.
Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri Devid Lemmi «ahvoli o‘ta og‘ir bo‘lgan muhtojlar»ga yordam berish uchun 10 mln funt ajratishga va’da berdi.
Myanmadagi harbiy xunta Sagayn, Mandalay, Bogo va Maguay hududlarida, Shan shtatining sharqiy qismida, shuningdek, poytaxt Neypidoda favqulodda holat rejimini e’lon qilgan.
Xunta rahbari Min Aung Hlaing jahon hamjamiyatidan yordam so‘ragan.
«Men har qanday mamlakatni, har qanday tashkilotni, har qanday odamni yordamga chaqirmoqchiman. Rahmat», – degan u televideniye orqali qilgan murojaatida va «xorijiy yordam uchun barcha yo‘llarni ochgani»ni qo‘shimcha qilgan.
Shu bilan birga, Myanma harbiylari mamlakatning fuqarolar urushi ichida qolgan ayrim hududlarini bombardimon qilishda davom etmoqda. BMT bu hujumlarni «mutlaqo g‘azablantiruvchi va qabul qilib bo‘lmaydigan holat» deb baholagan.
Harbiylarni hokimiyatdan chetlatish uchun kurashayotgan isyonchi guruhlar Sagaing viloyatidagi Chaung-U qishlog‘ida havo hujumlari uyushtirilgani haqida xabar bergan.
Harbiy rejim 2021 yilgi davlat to‘ntarishi paytida hokimiyatni qo‘lga olgandi, ammo hozirda mamlakatning isyonchi guruhlar o‘rtasida taqsimlab olingan ko‘plab hududlarini nazorat qilmaydi.
Hokimiyatdan ag‘darilgan fuqarolik ma’muriyatini ifoda etuvchi milliy birdamlik hukumati o‘z qurolli kuchlari yakshanba kunidan boshlab zilziladan jabr ko‘rgan hududlarda «mudofaa harakatlaridan tashqari hujumkor harbiy amaliyotlar»da ikki haftalik tanaffusni boshlashini ma’lum qildi.
Jabrlanganlarga ob-havo ham tahdid solmoqda: mamlakatda musson yomg‘irlari mavsumi yaqinlashmoqda va kuchli jalalar jabrlanganlarni yana bir joydan ikkinchi joyga ko‘chirishga majbur qilishi mumkin. Misol uchun, o‘tgan yili mussonlar tufayli yuzaga kelgan kuchli suv toshqini uylar va sanitariya inshootlariga zarar yetkazgandi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 40211 | Инструменты