Huawei 1
OAV: Bashar Asad otasining jasadi qoldiqlari o‘g‘irlab ketildi

Suriya sobiq prezidenti Bashar Asad otasi Hofiz Asadning jasadi qabrdan chiqarib olindi va noma’lum joyga olib ketildi. Bu haqda Isroil matbuotiga tayanib Interfax xabar berdi. Xabarda qoldiqlarni aynan kim o‘g‘irlaganiga aniqlik kiritilmagan.

Avvalroq hukumatga qarshi namoyishlar chog‘ida Asad otasining maqbarasi tahqirlangan edi. Biroq, ijtimoiy tarmoqlar bu safargi holat vandalizm emas, balki Asad oilasi tarafdorlari tomonidan Hofizning jasadini tahqirdan saqlab qolishga urinishi bo‘lishi mumkin, deb hisoblamoqda.

Hofiz Asad 1930 yilda alaviy mazhabi vakillari yashaydigan Lazqiya (Lataqiya) viloyatining Qordaha shahrida tug‘ilgan. U davlat to‘ntarishi oqibatida hokimiyatga kelgan va 1971 yildan 2000 yil vafotigacha Suriya prezidenti bo‘lgan.

Hofizning o‘rnini to‘ng‘ich o‘g‘li Basil egallashi kerak edi, biroq u 1994 yilda avtohalokatda vafot etdi. Shundan so‘ng, Hofiz ikkinchi o‘g‘li Basharni o‘z vorisi etib tayinladi. U akasi vafotidan keyin Londondan Suriyaga qaytarildi.

Bashar Asad Suriyani 2024 yil dekabrigacha boshqardi va 13 yildan ortiq davom etgan fuqarolar urushida mag‘lubiyatga uchragach, mamlakatni tark etdi. U Rossiyada qo‘nim topdi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 42900 | Инструменты