Oq uy Maskatdagi AQSh-Eron muzokaralarini juda "ijobiy va konstruktiv" deb baholadi.
Ummondagi AQSh-Eron muzokaralari ikki raqib o'rtasidagi munosabatlarda "oldinga qadam" qo'yilganini ko'rsatdi. Bu haqda 12-aprel, shanba kuni Oq uy ma’lum qildi.
Maskatda Eron va AQSh o‘rtasidagi Tehron yadroviy dasturi bo‘yicha muzokaralar yakunlandi. Ummon tashqi ishlar vaziri Badr bin Hamad bin Hamud al-Busaydiy vositachi sifatida ishtirok etdi. Amerika tomonidan AQSh prezidenti Donald Trampning maxsus vakili Stiven Vitkoff, Eron tomonidan esa bu davlat tashqi ishlar vaziri Abbos Araqchi ishtirok etdi.
Oq uy muzokaralarni juda "ijobiy va konstruktiv" deb ta'rifladi.
Tomonlar 19 aprel kuni yana uchrashadilar
“Maxsus elchi Vitkoff doktor Araqchiga prezident Trampdan mamlakatlarimiz oʻrtasidagi kelishmovchiliklarni, agar iloji boʻlsa, dialog va diplomatiya yoʻli bilan hal qilish boʻyicha koʻrsatma olganini taʼkidladi”, — deyiladi Oq uy xabarida. “Bu masalalar juda murakkab va maxsus elchi Vitkoffning bugungi to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqoti o‘zaro manfaatli natijaga erishish yo‘lidagi oldinga qadam bo‘ldi”, — deya qo‘shimcha qildi ular.
Tomonlar 19 aprel kuni yana uchrashishga kelishib oldilar, deya ta'kidladi Vashington.
Al-Busaydiyning soʻzlariga koʻra, oʻzaro muloqot “nuqtai qarashlarni yaqinlashtirishga xizmat qiluvchi doʻstona muhitda” oʻtgan. U “mintaqaviy va global tinchlik, xavfsizlik va barqarorlikka” erishish uchun “sa’y-harakatlarni” davom ettirishga va’da berdi.
Politico: Tramp 60 kunlik muddatni belgiladi
11-aprel kuni Amerikaning Politico nashri AQSh prezidenti Eron bilan muzokaralarda muvaffaqiyatga erishish uchun 60 kunlik muddat belgilagani haqida xabar berdi. Aks holda Tehron harbiy harakatlarga duch kelishi mumkin, dedi jurnalistlarga to‘rtta manba.
Mart oyi oxirida Tramp Eronni yadroviy dastur bo‘yicha Vashington bilan kelishuvga erisha olmasa, “bombardimon qilish” va ikkilamchi tariflar bilan tahdid qilgan edi. "Agar ular kelishuvga erishmasa, portlash sodir bo'ladi. Bu ular hech qachon ko'rmagan bombardimon bo'ladi", - deya AQSh prezidentining so'zlarini keltirgan NBC telekanali.
Tramp 9-aprel kuni Eronga qarshi harbiy kuch ishlatishga tayyor ekanini yana bir bor taʼkidladi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 41906 | Инструменты