Huawei 1
“Adolat” partiyasi O‘zbekiston prezidentligiga Robaxon Maxmudova nomzodini tasdiqladi

Joriy yilning 29-may kuni O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasining navbatdan tashqari Qurultoyi o‘tkazildi

Unda, partiyaning XI Plenumi qaroriga asosan delegat sifatida belgilangan partiya Siyosiy Kengashi aʼzolari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi partiya fraksiyasi aʼzolari, Markaziy nazorat-taftish komissiyasi aʼzolari, hududiy partiya tashkilotlari konferensiyalarida saylangan delegatlar, shuningdek, taklif etilgan xalq deputatlari mahalliy Kengashlari deputatlari, partiya faollari, hamkor tashkilotlar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Qurultoy kun tartibidan O‘zbekiston “Adolat” SDPdan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod ko‘rsatish hamda partiyadan Prezidentlikka ko‘rsatilgan nomzodning Saylovoldi dasturi to‘g‘risidagi masalalar o‘rin oldi.

“Adolat” sotsial-demokratik partiyasi ham respublikamiz mustaqilligini mustahkamlash, adolatli jamiyat qurish, qonun ustuvorligini taʼminlash, xalqimizga farovon turmush sharoitlarni yaratish, mamlakatimizdagi ijtimoiy-iqtisodiy, sud-huquq, madaniy-maʼrifiy sohalardagi islohotlarda faol ishtirok etishni maqsad qilgan siyosiy kuch sifatida ushbu saylovda munosib ishtirok etishga kirishgan.

Maʼlumki, O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi Siyosiy Kengashining joriy yil 12-may kuni bo‘lib o‘tgan XI Plenumida partiyaning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovidagi ishtiroki haqida qaror qabul qilingandi. Mazkur Plenumda O‘zbekiston “Adolat” SDPdan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga ko‘rsatiladigan bo‘lajak nomzod to‘g‘risida maʼlumot berilib, uni nomzod sifatida ko‘rsatish masalasini partiyaning navbatdagi Qurultoyi muhokamasiga kiritish bo‘yicha kelishib olingandi.

Shundan keyin, partiya tomonidan taqdim etilgan tegishli hujjatlar Markaziy saylov komissiyasida ko‘rib chiqilib, partiyaga saylovda ishtirok etish huquqi berildi.

Shu nuqtai nazardan, Qurultoyda Konstitutsiyaning 106-moddasi, Saylov kodekning 37- va 62-moddalariga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan nomzod ko‘rsatish to‘g‘risidagi masala atroflicha muhokama qilindi.
Qurultoyda delegatlar eʼtiboriga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga Maxmudova Robaxon Anvarovnaning nomzodi havola etildi. Mazkur masala yuzasidan so‘zga chiqqanlar nomzodni qo‘llab-quvvatlab, barcha delegatlarni nomzodga ovoz berishga chaqirishdi.

Partiya tomonidan ilgari surilgan nomzodning sud-huquq sohasidagi uzoq yillik tajribasi, uning el-orasida obro‘-eʼtiborga ega ekanligi, eng asosiysi, huquqshunos sifatida olib borayotgan faoliyati partiya g‘oyalarini amaliyotga joriy etishda ijobiy samara berishi alohida taʼkidlandi.

Robaxon Maxmudova sudyalik faoliyati davrida fuqarolarning muammolarini o‘z vaqtida va adolatli hal qilganligi bilan aholi orasida adolatparvar sudya sifatida obro‘ qozongan. Nomzodning liderlik bilim va xislatlariga, boshqaruv lavozimlarida uzoq yillik tajribaga egaligidan kelib chiqqan holda, eng muhimi, “Adolat” partiyasi mamlakatimiz tarixida Prezidentlikka nomzod sifatida ayol kishini ilgari surgan birinchi partiya sifatida, bo‘lajak saylovlarda ham bu yondashuvga sodiq qolayotganligi barcha delegatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.

Shuningdek, Qurultoy kun tartibidagi ikkinchi masala yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga “Adolat” sotsial-demokratik partiyasining nomzodi Robaxon Maxmudova o‘z Saylovoldi dasturining maqsad va vazifalari, ustuvor yo‘nalishlarini Qurultoy qatnashchilari eʼtiboriga havola etdi.

Nomzod Saylovoldi dasturida Vatanimiz taraqqiyoti yo‘lida huquqiy demokratik, ijtimoiy davlat va barcha uchun farovonlik taʼminlangan adolatli fuqarolik jamiyati qurishning sotsial-demokratik modelini taklif etdi.

Dasturda, xususan, inson, uning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari davlat va jamiyatning eng yuksak qadriyatlari ekanligi tan olinib, jamiyat va davlat hayotining barcha jabhalarida har bir insonning farovon hayot kechirishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, ijtimoiy adolat va qonun ustuvorligini taʼminlash, O‘zbekistonning erkinlik, imkoniyatlar tengligi, adolatlilik, birdamlik, ijtimoiy himoya va masʼuliyat tamoyillari hukmronlik qiladigan, insonlarning keskin tabaqalanishiga yo‘l qo‘yilmaydigan kuchli ijtimoiy davlat sifatida, aholining yuqori turmush darajasiga ega rivojlangan davlatlar qatoriga qo‘shilishiga erishish kabi vazifa va maqsadlarga alohida eʼtibor qaratilgan.

Bundan tashqari, xalq davlat hokimiyatining birdan-bir manbai ekanligi haqidagi konstitutsiyaviy prinsip davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi ekanligi taʼkidlanib, xalq hokimiyatining yorqin timsoli bo‘lmish vakillik demokratiyasi institutining roli va ahamiyatini yanada oshirish, mamlakat iqtisodiyotining barqaror rivojlanishini taʼminlash, jamiyatning innovatsion, intellektual salohiyatini ro‘yobga chiqarish va inson kapitalini rivojlantirish, har bir inson farovonligining garovi bo‘lmish tinchlik va xavfsizlikni taʼminlash, fuqarolar totuvligi, millatlararo va dinlararo bag‘rikenglikni mustahkamlash, har tomonlama muvozanatli, o‘zaro manfaatli va konstruktiv tashqi siyosat olib borish masalalari ko‘zda tutilgan.

Robaxon Maxmudovaning Saylovoldi dasturi o‘nta yo‘nalishdan iborat bo‘lib, huquqiy davlat qurish, ijtimoiy adolatni qaror toptirish, milliy iqtisodiyotning barqaror o‘sishini taʼminlash, ilm-fan, innovatsiyalar va taʼlim sohasining barqaror rivojini kafolatlash, aholi salomatligini kuchaytirish, jamiyat barqaror rivojlanishini taʼminlash, ekologiya va atrof-muhitga eʼtiborni kuchaytirish, fuqarolik jamiyati, ayol va oilaning jamiyatdagi o‘rnini kuchaytirish, yuksak maʼnaviyatli jamiyat barpo etish, tinchliksevar, adolatli va progressiv tashqi siyosat olib borish kabi vazifalar shular jumlasidandir.

Shuningdek, nomzod dasturidan inson huquqlarini taʼminlash uchun yangi imkoniyatlar yaratish, qonunlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlaydigan mexanizmlar bilan qabul qilish kabi ustuvor vazifalar o‘rin olgan.

Nomzod Saylovoldi dasturida fuqarolarni ijtimoiy himoya qilish va bu yo‘nalishda tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha “Ijtimoiy davlat – 2030” dasturini ishlab chiqish, shuningdek, “Tibbiy yordamning kafolatlangan hajmi to‘g‘risida”gi qonun qabul qilish zarurati kabi takliflarni ilgari surdi.

Nomzod dasturida qishloq xo‘jaligi bo‘yicha ham bugungi kunda eʼtibor qaratish kerak bo‘lgan yo‘nalishlar xususida takliflar ilgari surildi. Jumladan, ishlab chiqarishni ilmiy asosda tashkil etish, fan va amaliyotning o‘zaro uyg‘unligini taʼminlash, yaqin kelajakda O‘zbekistonning agrar sohadagi ulkan imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarish, qishloq iqtisodiyotini innovatsion rivojlantirish va davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash ko‘lamini kengaytirish, sohani sug‘urtalashning yangi mexanizmlarini amalga oshirish hamda huquqiy asoslarini takomillashtirish, jumladan «Qishloq xo‘jaligi tavakkalchiliklarini sug‘urtalash to‘g‘risida»gi qonunni qabul qilish kabi bir qator takliflarini berdi.
Sanoat ishlab chiqarishining va, umuman, milliy iqtisodiyotning qon tomiri hisoblanmish yo‘l infratuzilmasini yaxshilash, yo‘lsozlik sohasida bajarilayotgan ishlarning sifati ustidan jamoatchilik nazoratini o‘rnatish, bu sohada ilmiy tadqiqotlarimiz yutuqlaridan keng foydalanish hamda olimlarni rag‘batlantirish tizimini yo‘lga qo‘yish kabi vazifalar ham nomzodning dasturidan o‘rin olgan.

Bugungi kunda raqamli texnologiyalarning davlatimiz rivojlanishiga hissasi juda katta hisoblanadi. Shu sababli, nomzod o‘z Saylovoldi dasturida “Raqamli iqtisodiyotda aholi bandligini taʼminlash konsepsiyasi – 2030” dasturini ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish zarur deb hisoblashini qayd etib o‘tdi.

Robaxon Maxmudova o‘zining Saylovoldi dasturi bilan tanishtirish davomida mamlakatning sanoat salohiyatini oshirish va hududlarni izchil rivojlantirishda kichik sanoat zonalari, iqtisodiy va sanoat klasterlarining muhimligini inobatga olib, ushbu sohaning tashkiliy-huquqiy asoslarini yanada mustahkamlash maqsadida “Kichik sanoat zonalari to‘g‘risida” qonun qabul qilish zaruriyati va davlat byudjeti daromadlari va xarajatlarining shaffofligini taʼminlash, bunda barcha jarayonlarni raqamlashtirish kerakligini alohida taʼkidlab o‘tdi.
Robaxon Maxmudovaning Saylovoldi dasturidan o‘rin olgan barcha masalalar Qurultoy qatnashchilari tomonidan atroflicha muhokama qilindi va delegatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.

So‘zga chiqqanlar nomzodning Saylovoldi dasturi bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalarini bildirib, undagi ayrim masalalarga eʼtibor qaratishdi.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasining Sog‘liqni saqlash kodeksi loyihasida fuqarolar sog‘lig‘ini saqlashning asosiy prinsiplarini aniq belgilash, sog‘liqni saqlash sohasida inson huquqlariga rioya qilish; aholining barcha qatlamlari tibbiy yordamdan bahramand bo‘lishini taʼminlash kabi masalalarga izchil eʼtibor qaratish lozimligi, shu bilan birga, tibbiyot xodimlarining maqomini qonun bilan belgilash, ularning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish va ularga nisbatan turli tazyiqlarning oldini olish va bu borada qonunchilikni yanada takomillashtirish takliflari haqiqatdan bugungi kunda eʼtibor qaratishimiz lozim bo‘lgan yo‘nalishlar ekanligi eʼtirof etildi.

Muhokamalar yakunida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga Maxmudova Robaxon Anvarovnaning nomzodini ko‘rsatish haqidagi taklif va ularning Saylovoldi dasturi Qurultoy delegatlari tomonidan bir ovozdan qo‘llab-quvvatlandi. Shuningdek, nomzodning Saylovoldi dasturini keng aholiga yetkazish partiya faollari oldida turgan muhim masala ekanligi qayd etildi.

Qurultoy kun tartibidagi barcha masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 122316 | Инструменты