Ramzan Qodirov Vladimir Putindan o‘zining Checheniston rahbarligi lavozimidan ketishiga ruxsat ololmadi. U Rossiya prezidenti bilan mazkur masalani 7 may kungi uchrashuvda muhokama qilmoqchi edi. «Bugun prezidentdan so‘rayman. Nima desa, shu bo‘ladi. Nega endi yo‘q? Biz barchasini qildik, hammasini qurdik. Agar yana kimdadir muammo paydo bo‘lsa — qaytamiz!» — degan Putin bilan suhbatdan oldin «Kommersant» nashriga.
Uchrashuv davomida Ramzan Qodirov Checheniston iqtisodiyoti, sanoat ishlab chiqarishi va qurilishning o‘sishi, ishsizlikning qisqarishi haqida hisobot bergan. Shu bilan birga, respublika yetakchisi boshidan oxiriga qadar nutqini qog‘ozdan o‘qib bergan, kuzatuvchilar esa uning qo‘li qaltirab turganiga e’tibor qaratgan.
Putin bilan uchrashuvdan keyin Ramzan Qodirov «protokoldan tashqari qator muhim mavzularni» muhokama qilgani va «to‘liq tushunish va qo‘llab-quvvatlov» olganini yozib qoldirdi. «Yakunda Vladimir Vladimirovich internetdagi so‘nggi muhokamalarga izoh berib, yana Mark Tvenning mashhur so‘zlarini keltirdi: «Mening o‘limim haqidagi mish-mishlar juda bo‘rttirilgan». Hali ko‘p ishlashimiz kerakligini qo‘shimcha qildi. Oliy bosh qo‘mondon buyrug‘ini bajaraman!» — deydi Qodirov.
Bunga qadar «Novaya gazeta. Yevropa» Checheniston yetakchisining sog‘lig‘i keskin yomonlashgani haqida yozgandi. Nashr manbalarining ma’lum qilishicha, Ramzan Qodirov respublikani tark etmay qo‘ygan va deyarli butun vaqtini Grozniydagi «Aymed» klinikasida o‘tkazmoqda. Ta’kidlanishicha, olti yil oldin Qodirovga oshqozonosti bezi nekrozi tashxisi qo‘yilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2025 yil fevraldagi tibbiy tekshiruvlardan keyin Ramzan Qodirov hokimiyatni oila a’zolariga topshirish ssenariysini ishga tushirgan. Shu bois respublikadagi aktivlarni qayta rasmiylashtirish jarayonlari boshlangan. Oldin ular uchinchi shaxslar nomiga rasmiylashtirilgan edi — bu Qodirovning farzandlari mintaqaviy hukumatda lavozimlarni egallay olishi uchun amalga oshirilgan. Endi esa barcha bizneslar haqiqiy egalariga «qaytgan». Ammo Qodirovning qizlari davlat xizmatidan ketishga majbur bo‘lgan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 50919 | Инструменты