Putinga ko‘ra, bunday tashqi boshqaruv orqali Ukrainada saylovlar o‘tkazish, shu orqali «xalq ishonchiga sazovor va salohiyatli hukumat»ni shakllantirish mumkin bo‘ladi. Ana shunday hukumat bilan Rossiya tinchlik shartnomasi tuzish va butun dunyo tomonidan tan olinadigan, ishonchli va barqaror hujjatlarni imzolashga tayyor bo‘ladi.
«Hozir kim bilan nima imzolash kerakligi noma’lum, chunki ertaga boshqa rahbarlar kelib qolishi mumkin», — dedi Putin «Arxangelsk» atom suvosti kemasi ekipajiga murojaatida.
Prezident ta’kidicha, bu yagona variant emas, ammo BMT amaliyotida bunday yondashuvlar mavjud.
Putin, shuningdek, Ukrainada 2024 yilda prezident saylovlari o‘tkazilmaganini ta’kidlab, hozirgi fuqarolik hokimiyat organlarini «nolegitim» deb atadi. Unga ko‘ra, bu holat mamlakatda «neonatsistik tuzilmalar» hokimiyatga kelish xavfini keltirib chiqarishi mumkin.
Avvalroq Putin Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyni «legitim emas» deb atagan va uning vakolat muddati 2024 yil may oyida tugaganini ta’kidlagan edi. Kiyev esa, o‘z navbatida, Konstitutsiyaga muvofiq, amaldagi prezident saylovlar o‘tkazilgunicha vazifasini bajarishda davom eta olishini bildirgan.
Amerika prezidenti Donald Tramp ham Ukrainada saylovlar o‘tkazilishi kerakligini aytgan edi. Ukraina Markaziy saylov komissiyasi rahbari Oleg Didenkoning so‘zlariga ko‘ra, nazariy jihatdan 2025 yilda saylov o‘tkazish mumkin, ammo buning uchun urush harakatlari to‘xtashi va harbiy holat bekor qilinishi kerak.
Zelenskiy esa fevral oyida «agar tinchlik o‘rnatilishi yoki NATOga qo‘shilish uchun kerak bo‘lsa», o‘z xohishi bilan iste’foga chiqishga tayyor ekanini bildirgan edi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 33110 | Инструменты