Huawei 1
Qozog‘iston hukumati 9 may kuni tantanali yurishlar o‘tkazishni taqiqladi

Qozog‘iston shaharlarida 9 may kuni tantanali yurishlar o‘tkazilishiga ruxsat berilmadi, deb yozmoqda «Nastoyashcheye vremya». Jumladan, Olmaota hokimligi ham ushbu tadbirning o‘tkazilishiga rozi bo‘lmagan. 

Rusiyzabon aholining katta qismi yashaydigan Pavlodar va Petropavlovskda rasmiylar tadbirni internetga ko‘chirish hamda frontdagi askarlarning suratlarini maxsus LED-ekranlarga joylashtirishni taklif qilgan. Rasmiy sabab — bo‘sh maydonlarning yo‘qligi. Taqiqni chetlab o‘tishga qaratilgan har qanday urinish ruxsat etilmagan miting sifatida baholanadi va jarima yoki hibsga olinishga sabab bo‘ladi.

Buning fonida Olmaotada namoyishlar o‘tkazmoqchi bo‘lgan odamlar SSSR bayrog‘i bilan mamlakat prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayevga murojaat yo‘lladi. «Biz g‘oliblarning avlodlarimiz, 9 may kuni Olmaota ko‘chalari bo‘ylab Qozog‘istonda «Qahramonlarga ta’zim» deb ataladigan «O‘lmas polk» yurishlarini o‘tkazishni xohlaymiz… Prezident va joylardagi barcha mahalliy hokimiyat organlariga murojaat qilib, ushbu vatanparvarlik tuyg‘ularimizni namoyon etishga ruxsat berishlarini so‘raymiz», — deyiladi videoda. Ular hokimlik amaldorlarini «antisovetlar» deb atab, ular ruxsat bermasa ham aksiya o‘tkazilishidan ogohlantirmoqda.

Taldiqorg‘on, Qizilo‘rda, Turkiston, O‘ral, Atirau va Kostanayda Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabaning 80 yilligiga bag‘ishlangan yurishlarni o‘tkazish rejalashtirilmayapti. Qozog‘iston poytaxtida ham vaziyat shunday. Ostona hokimi Jyenis Kasimbek kimdir «O‘lmas polk» tashkillashtirish niyatida ekanini birinchi marta eshitib turganini aytib, 7 may kuni uzoq yillik tanaffusdan keyin shaharda aviashou ishtirokida harbiy parad o‘tkazilishini eslatdi. Shu bilan birga Petropavlovskda o‘zlarini «volontyorlar» deb atayotgan odamlar paydo bo‘lgan, ular qozoqlarni Rossiya rubli evaziga namoyishlarda ishtirok etishga yollamoqda.

Qozog‘iston shaharlarida «O‘lmas polk» oxirgi marta 2019 yilda o‘tkazilgan edi. Keyin koronavirus pandemiyasi sabab ikki yil tashkil etilmadi. 2022 yilda Rossiya Ukrainaga bostirib kirgach, aksiya o‘rnini milliy ramzlarga ega «Qahramonlarga ta’zim» nomli tadbirlar egalladi. Shunga qaramay, tantanali yurishlar oldingisidan deyarli farq qilmasdi — ularda ham Ikkinchi jahon urushi davridagi bayroqlar va veteranlarning portretlari ko‘tarilgan holda kolonna harakat qiladi. 2023 va 2024 yillarda hukumat «dunyodagi notinch vaziyat», provokatsiya ehtimolligi va mamlakatdagi suv toshqinlari sabab yurishlarni bekor qilgandi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 42807 | Инструменты