Qozog‘iston konstitutsiyasidan Nazarboyevga oid barcha gaplar olib tashlanadi
Konstitusiyaviy islohotlar jarayonida Qozog‘istonning asosiy qonunidan birinchi prezident Nursulton Nazarboyev, uning maqomi va vakolatlari haqidagi barcha normalarni butunlay chiqarib tashlash rejalashtirilmoqda. Bu haqda 4-may kuni konstitusiyaga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha ishchi guruh a’zosi Marat Boshimov xabar qildi.
Unga ko‘ra, chorshanba kuni bo‘lib o‘tgan yakuniy yig‘ilishda konstitusiyaviy kengash ishchi guruh tomonidan tayyorlangan o‘zgartirishlar loyihasining konstitusiyaga muvofiqligi to‘g‘risida qaror qabul qilgan. Bu, xususan, konstitusiyaning birinchi prezidentning ketma-ket ikki martadan ortiq saylanish huquqi, uning maqomi va vakolatlari konstitusiya hamda konstitusiyaviy qonun bilan belgilanishi haqida so‘z yurituvchi moddalariga taalluqlidir.
Bundan tashqari, o‘zgartirishlar birinchi prezident Nursulton Nazarboyevning mustaqil Qozog‘iston asoschisi sifatidagi maqomining o‘zgarmasligiga ishora qiluvchi 91-moddaga ta’sir qiladi. «Birinchi prezidentning tarixiy roli hammaga ma’lum va konstitusiyada alohida belgilanishini talab qilmaydi», dedi Boshimov.
Shu bilan birga, mamlakatda «Qozog‘iston Respublikasining birinchi prezidenti to‘g‘risida»gi konstitusiyaviy qonun mavjud bo‘lib, u, xususan, birinchi prezident davlat rahbari vakolatlarini amalga oshirishni to‘xtatgandan keyin uning siyosiy-huquqiy maqomini, imtiyozlari va kafolatlarini belgilaydi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 60408 | Инструменты