Rossiya maktablarida o‘qish uchun rus tili imtihonidan uch marta o‘ta olmagan migrantlarning farzandlarini vataniga qaytarib yuborish taklif qilindi. Bu haqda “TASS” xabar bermoqda.
Ma’lum qilinishicha, bunday taklifni Rossiya Davlat dumasining Mehnat, ijtimoiy siyosat va faxriylar ishlari bo‘yicha qo‘mitasi raisi Yaroslav Nilov bergan.
“O‘qishga qodir bo‘lmasa, biz ularga bir marta imtihondan o‘tish, ikkinchi marta qayta topshirish imkoniyatini berib qo‘ymasdan, sonini cheklashimiz kerak. Uch marta. O‘xshamadimi — uyga borib ota-onasini kutadi. Tamom”, degan u.
Avvalroq u migrantlar farzandlarining rus tilidan imtihon topshirish muddatini ikki yil bilan cheklaydigan qonun loyihasi ishlab chiqilganini e’lon qilgan. U rus tilini bilmaydigan migrantlarning farzandlarini maktabga olishni taqiqlovchi qonun 1-apreldan kuchga kirganini, biroq bunday testdan o‘tishga urinishlarning umumiy soni cheklanmaganini aytgan.
“Mingta boladan 30 nafari imtihondan o‘tgani bo‘yicha qayg‘uli statistikani ko‘ryapmiz. Ayrimlari Rossiyada qonuniy bo‘lish huquqiga ega bo‘lmasa, ayrimlari hujjatlarni to‘ldira olmagan, boshqalari esa testdan o‘ta olmagan”, deb ta’kidlagan Nilov.
Uning fikricha, Davlat dumasi deputatlari migrantlarning farzandlarini testdan o‘tkazish bo‘yicha qonun loyihasini ishlab chiqib, qabul qilgani to‘g‘ri qaror bo‘ldi. Agar bunday qilinmaganida yaxshi o‘qimaydigan migrant bolalar maktablarda o‘qituvchilar e’tiborini ortiqcha olishi, umuman rossiyalik o‘quvchilarning ta’lim darajasini pasaytirishi mumkin edi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 51817 | Инструменты