Davlat xavfsizlik xizmati ikki nafar ichki ishlar xodimi katta miqdorda pora bilan ushlanganini ma’lum qildi.
Toshkent viloyatida yashovchi fuqaro viloyat ichki ishlar xodimining o‘z xizmat vakolatini suiiste’mol qilgan holda korrupsion jinoyatlarni sodir etib kelayotgani haqida DXX Call-markaziga murojaat qilgan
Murojaatga ko‘ra, IIB xodimi Jinoyat kodeksining 210 (pora olish), 131 (qo‘shmachilik), 135 (odam savdosi), 206 (hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish), 207 (mansabga sovuqqonlik bilan qarash), 165-moddalari (tovlamachilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergovda bo‘lgan sobiq ichki ishlar xodimiga sud idoralaridagi tanishlari orqali yengilroq jazo tayinlanishida yordam berish evaziga uning yaqin qarindoshlaridan 20 ming dollar talab qilgan.
16-may kuni DXX va IIV tezkor boshqarmalari hamkorligida o‘tkazilgan faol tadbir davomida IIB xodimi 1995-yilda tug‘ilgan fuqaro A.B.dan 20 ming dollar olgan vaqtida jinoyat ustida qo‘lga olindi.
Yana bir holatda 17-may kuni DXX tomonidan Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurash departamenti hamda IIV tezkor boshqarmasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan faol tadbirda Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumani ichki ishlar xodimi Jinoyat kodeksining 103 (o‘zini o‘zi o‘ldirish darajasiga yetkazish) va 112-moddalari (o‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish) bilan ayblanib, 8 yil 5 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilingan mahkumga jazo muddatini Toshkent shahar sudi mansabdor shaxslari orqali taftish instansiyasida kamaytirib berishni va’da qilib, mahkumning tanishi N.N.dan 24 ming dollar pora olayotganida ushlangan.
Tadbir jarayonida uning yonidan advokatlik va hakamlik sudi sudyasi guvohnomalari hamda IIVning lavozimga tayinlash to‘g‘risidagi buyrug‘i nusxasi topilgan.
Qayd etilishicha, ushbu xodim 2014-yilga qadar ichki ishlar idoralarida ishlab, 2022-yildan esa advokatlik faoliyati bilan shug‘ullanib kelgan. 2025-yilning aprelida unga yana bir bor imkoniyat berilib, ichki ishlar idoralariga qaytadan tiklangan. Biroq ishga tiklanganiga 2 oy bo‘lmagan bu xodim korrupsion harakatlarni takroran sodir etgan.
Har ikki holat yuzasidan taqdim etilgan materiallar asosida Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 4-qismi va 28, 211-moddasi (pora berish) 3-qismi bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Alpha version: 0.9.1.19 build 51820 | Инструменты