15 may kuni Turkiyaning Konya shahrida 5,2 magnitudali zilzila sodir bo‘ldi. Bu haqda “A Haber” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, yerosti silkinishlari Ukraina delegatsiyasi joylashgan Anqarada ham sezilgan. Delegatsiya Rossiya bilan muzokaralarda qatnashish uchun kelgan edi.
Turkiya Favqulodda vaziyatlar xizmati bergan ma’lumotlarga ko‘ra, zilzilaning magnitudasi 5,2 ni tashkil qilgan.
Shu voqea fonida Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyning Anqaradan Istanbulga uchishi kechiktirilgani haqida ma’lumotlar paydo bo‘ldi. OAV xabarlariga ko‘ra, dastlab uning samolyoti mahalliy vaqt bilan soat 16:00 da uchishi kerak edi, ammo hozirda parvoz keyinga ko‘chirilgan. Ko‘pchilik OAVlar bu kechiktirishni ushbu zilzila bilan bog‘lamoqda.
Zilziladan so‘ng Turkiya Ichki ishlar vaziri Ali Yerliqoya ijtimoiy tarmoqdagi sahifasi orqali zilzila yuzasidan oxirgi ma’lumotlarni e’lon qilgan.
“Konya viloyatining Kulu tumanida 5,2 magnitudali zilzila sodir bo‘ldi. Aholi tomonidan atrofdagi viloyatlarda ham sezilgan ushbu zilzila yuzasidan AFAD (Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi) va tegishli idoralarimiz zudlik bilan dala tekshiruv ishlarini boshladi. Hozircha hech qanday salbiy holat aniqlanmadi. Zilziladan zarar ko‘rgan fuqarolarimizga o‘z hamdardligimni bildiraman”, degan vazir.
Alpha version: 0.9.1.19 build 60807 | Инструменты