Rossiya musulmonlari diniy boshqarmasi ulamolar kengashi musulmonlarga 4 tagacha shariy nikohga ruxsat berdi. Bu haqda “RBK” xabar berdi.
Moskva muftiysi Ildar Alyautdinovning xabar berishicha, ulamolar kengashi erning barcha xotinlariga adolatli va teng munosabatda bo‘lishi sharti bilan to‘rttagacha shariy nikoh tuzishga ruxsat bergan.
“Agar turmush o‘rtog‘i sog‘lig‘i tufayli, reproduktiv yoshining tugashi yoki boshqa obyektiv sabablarga ko‘ra, masalan, jinsiy nomuvofiqligi sababli farzand ko‘rishga qodir bo‘lmasa, bunga yo‘l qo‘yiladi”, dedi u.
Bunda nikohda bo‘lgan erkak o‘z xotinini boshqa ayol bilan yangi nikoh tuzish niyati haqida xabardor qilishi kerak.
“Xotinning mavjudligini yashirish mutlaqo mumkin emas. Agar u (ikkinchi xotin) bu haqda xabardor qilinmagan va bunday vaziyatga ko‘nikishga tayyor bo‘lmasa, o‘zining nikohini (islomiy qoidalar bo‘yicha tuziladigan nikoh) bekor qilishni talab etishga haqlidir”, deya qo‘shimcha qildi muftiy.
Yangi diniy nikoh tuzayotganda erkak kishi barcha farzandlarni o‘z qaramog‘iga olishi hamda vasiyatnomani notarial tasdiqlashi lozim bo‘ladi.
Rossiyada tug’ilish ko‘rsatkichi pasayib ketdi
2023-yil Rossiya prezidenti Vladimir Putim mamlakat boshdan kechirayotgan “eng qiyin demografik muammolar” haqida gapirgandi. U ko‘p bolali oilalar an’anasini qayta tiklash zarurligini aytgandi. Putin bir necha avlod oldin rus oilalarida yetti-sakkiz, hatto undan ham ko‘proq farzand bo‘lganini eslagan.
Keling, bu ajoyib an’analarni qayta tiklaylik. Ko‘p bolali va katta oilalar Rossiyaning barcha xalqlari uchun odatiy holga, turmush tarziga aylanishi kerak, — degan u.
“Rosstat” ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yilning dastlabki olti oyida Rossiyada 599,6 ming chaqaloq tug‘ilgan. Bu 2023-yilning shu davriga nisbatan 16,6 mingga kam.
Shu bilan birga, o‘tgan 12 oy davomida umumiy tug‘ilish koeffitsiyenti 1,442 gacha pasaydi. Bu 2008-yildan buyon eng past ko‘rsatkichdir. Salbiy demografik tendensiyani to‘xtatish maqsadida turli takliflar berilmoqda. Ko‘p farzandli oila qurish uchun rossiyaliklarni qishloqlarga ommaviy ko‘chirish, yangi tug‘ilgan chaqaloqlar o‘rtasida kvartira va avtomobillar o‘ynash, farzandsizlik uchun soliq joriy etish shular jumlasidandir.
Alpha version: 0.9.1.19 build 122022 | Инструменты