Politsiyachilar harbiy komissariat xodimlari hamrohligida Moskva shahri janubi-sharqida joylashgan fitnes-klubda chaqiruv yoshidagi erkaklarni o‘rab oldi, deb xabar beradi Msk1.ru.
Nashr ma’lumotiga ko‘ra, reyd 27 mart kuni kechqurun Lyublinskaya ko‘chasidagi «Marino» metro bekati yaqinidagi «Mariel» savdo markazida joylashgan Spirit Fitness tarmog‘i klublaridan birida o‘tkazilgan.
Fitnes-klub mijozlaridan biri jurnalistlarga aytishicha, kuchishlatar tuzilmalar xodimlari klubga kelganlarni yuztuban qilib yotqizgan, odamlar 15 daqiqaga yaqin yotishgan, keyin zaldan voyaga yetmaganlar va ayollar chiqarib yuborilgan, qolgan erkaklar esa etnik kelib chiqishiga ko‘ra ajratilgan hamda ularning pasportlari tekshirilgan.
«Bu yerda OMON. Bizni shunchaki polga yotqizishdi, yuzimiz bilan polga qarab yotdik. Xullas, bizni turg‘izishdi, devorma devor ajratishdi. U tomonda rus bo‘lmaganlar, bu tomonda ruslar. Men nima bo‘layotganini tushunmayapman», — degan reyd vaqtida video olishga ulgurgan guvohlardan biri.
Uning so‘zlariga ko‘ra, barcha erkaklar harbiy komissariat xodimiga yo‘naltirilgan, u ulardan pasport ma’lumotlari va harbiy majburiyat to‘g‘risidagi ma’lumotlarni tekshirgan. Yonida hech qanday hujjati bo‘lmaganlarga chaqiruv qog‘ozi berilib, ehtimoliy chaqiriluvchining maqomiga aniqlik kiritilgan.
Nashrning Spirit Fitness fitnes-klublar tarmog‘idagi manbasi bu haqdagi ma’lumotni tasdiqlagan. «Menga ma’lum bo‘lishicha, bu nafaqat ushbu fitnes-klubda, balki boshqa klublarda ham sodir bo‘lmoqda. Va umuman olganda, nafaqat fitnes-klublarda. Aprel yaqinlashib qoldi. Hali harbiy xizmatga chaqiruv boshlanadi», – degan Msk1.ru suhbatdoshi. Tarmoq rahbariyati rasmiy izoh berishdan bosh tortgan.
2025 yil boshidan Rossiyada migrantlarga qarshi reydlar ko‘paydi, ular boshqa jamoat joylari bilan bir qatorda sport klublarida ham o‘tkazila boshlandi. Tintuvlar natijasida politsiya noqonuniy muhojirlarni deportatsiya qiladi, Rossiya fuqaroligini olganlarga esa harbiy komissariatga chaqiruv qog‘ozlari beriladi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 40211 | Инструменты