Huawei 1
Shri-Lankada so‘l kuchlar vakili prezident etib saylandi

Shri-Lankadagi prezidentlik saylovlarida 55 yoshli marksist Anura Kumara Dissanayake g‘alaba qozondi. Janubiy Osiyodagi orol davlat saylov komissiyasiga ko‘ra, muxolifatdagi «Milliy xalq kuchlari» alyansi yetakchisi saylovchilarning qariyb 42 foiz ovozini qo‘lga kiritib, boshqa muxolifatchi Sajit Premadasa va so‘nggi ikki yil davomida hokimiyat tepasida bo‘lgan amaldagi prezident Ranil Vikramasingxeni ortda qoldirdi. 

«Umid bilan to‘lgan millionlab ko‘zlar bizni oldinga undaydi va biz birgalikda Shri-Lanka tarixini qayta yozishga tayyormiz», deb yozdi Dissanayake g‘olib deb e’lon qilinganidan so‘ng darhol X ijtimoiy tarmog‘ida.

U «bu orzu»ni orolda yashovchi barcha millatlarning birdamligi bilan amalga oshirish mumkinligini ta’kidladi.

Saylovchilarning davomati 76 foizni tashkil qildi, bu 13,6 milliondan ortiq saylov byulleteniga to‘g‘ri keladi. Komissiya «Shri-Lanka tarixidagi eng tinch saylovlar» haqida ma’lum qildi. Biroq, saylov uchastkalari yopilganidan bir necha soat o‘tgach, hokimiyat «jamoat xavfsizligini» ta’minlash uchun mamlakat bo‘ylab vaqtinchalik komendantlik soati joriy etdi.

Shri-Lanka 2022 yilda defoltga uchradi

Milliy bankrotlikdan ikki yil o‘tib, Janubiy Osiyodagi orol davlat aholisi saylovlarni hukumatning islohotlar dasturiga umid bilan bog‘lamoqda. Bir necha bor bosh vazir bo‘lib ishlagan Vikramasingxe ikki yil avval o‘zidan oldingi prezident Gotabaya Rajapaksa qochib ketganidan so‘ng vaqtinchalik Shri-Lanka prezidenti lavozimini egalladi.

Iqtisodiy inqiroz Shri-Lankada keng ko‘lamli noroziliklarga sabab bo‘ldi. 2022 yildan keyin turli paytlarda mamlakatda inflatsiya darajasi 60 foizdan oshdi. Ommaviy axborot vositalarining yozishicha, sekin tiklanish belgilariga qaramay, mamlakat inqiroz oqibatlari va davlat bankrotligi bilan kurashmoqda.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 92315 | Инструменты