Huawei 1
Suriyalik shifokor Germaniyada umrbod qamoq jazosiga hukm qilindi

Frankfurt-Mayndagi oliy sud suriyalik shifokor Alaa M.ni insoniyatga qarshi ko‘plab jinoyatlar, jumladan, qiynoqlar uchun umrbod qamoq jazosiga hukm qildi. 16 iyun, dushanba kuni u 2011-2012 yillarda o‘z vatani Suriyada ikki kishini o‘ldirgan va yana to‘qqiz kishiga og‘ir tan jarohati yetkazganlikda aybdor deb topildi.

Sudning ta’kidlashicha, 40 yoshli sudlanuvchining aybi og‘ir bo‘lib, bu uning 15 yildan keyin hibsdan muddatidan oldin ozod etilishini amalda imkonsiz qiladi.

Hukm sabablarida shifokor jinoyatlarni Homsdagi harbiy hospital va harbiy razvedka hibsxonasida xizmat qilayotgan vaqtida sodir etgani aytiladi. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, u Suriyaning o‘sha paytdagi hukmdori Bashar Asad rejimiga nomaqbul shaxslarni «yo‘q qilish guruhi» nomi bilan tanilgan shifokorlar guruhining bir qismi bo‘lgan. Uning qurbonlari muxolifat vakillari hisoblangan mahbuslar edi.

Raislik qiluvchi sudya Kristof Kollerning so‘zlariga ko‘ra, Alaa M. qiynoqlar paytida o‘zining sadistik tendensiyalarini ko‘rsatgan: u «o‘zidan past va bo‘ysunuvchi deb bilgan odamlarga jismoniy og‘riq berishni yoqtirgan». Do‘q-po‘pisalarga qaramay sudda ko‘rsatma bergan 50 dan ortiq guvohning ko‘rsatmalariga ko‘ra, jinoyatlar orasida kaltaklash, tepish, jarohatlar va tananing turli a’zolarini, jumladan jinsiy a’zolarni kuydirish kabilar ham bo‘lgan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 61722 | Инструменты