Tailandda mushukdan odamga Covid infeksiyasi yuqish bo'yicha birinchi holat qayd etildi
Tailandning Songkla shahzodasi universiteti olimlari mushuk orqali odamga koronavirus yuqishining birinchi holatini aniqladi.
Bu maqola joriy yil 6-iyun sanasida ushbu universitet jurnalida chop etilgan. Bundan keyin esa New York Times gazetasida ham butun dunyoga havola etildi.
Ma’lum qilinishicha, 2021-yil 4-avgustda Bangkokda ota va uning o‘g‘lida koronavirus aniqlangan. Kasalxonada yotoqlar yetishmagani uchun ular Songxla shahridagi kasalxonaga o‘tkazilgan. Ota va o‘g‘il tez yordam mashinasida 20 soatlik yo‘lga uy mushugini ham olib borgan. Bemorlar kasalxonaga yotqizilganidan so‘ng, mushuk test uchun veterinariya klinikasiga olib ketilgan.
Mushuk sog‘lom ko‘rinsa-da, unda covid aniqlangan. Veterinar mushukning burnidan tampon olayotganda, hayvon unga aksirgan. Natijada veterinar tibbiy niqob kiygan bo‘lsa-da, unda koronavirus qayd etilgan. Genomik ketma-ketlik shuni ko‘rsatdiki, mushukning egalari, mushuk va veterinar bir xil "delta" shtami bilan kasallangan. Bu o‘sha paytda shahardagi boshqa bemorlardan olingan virus namunalaridan farq qiladi.
Tailandlik tadqiqotchilar bu virusning mushukdan odamga yuqishining birinchi holati ekanini aytgan.
"Bu holat virus bilan kasallangan odamlar o‘z uy hayvonlari atrofida ehtiyot choralarini ko‘rishi kerakligini anglatadi. Shuningdek, veterinariya shifokorlari ham bundan ehtiyot bo‘lishi kerak", — deydi universitetning yuqumli kasalliklar bo‘yicha mutaxassisi Skott Uiz.
Alpha version: 0.9.1.19 build 60904 | Инструменты