Huawei 1
The Economist: Ukraina Rossiya bilan iqtisodiy urushda g‘alaba qozonmoqda

Ukraina davom etayotgan urushga qaramasdan, Rossiyaga qarshi iqtisodiy kurashda yutuqlarga erishmoqda, deb yozadi The Economist.

Nashrning qayd etishicha, Ukraina iqtisodiyoti urushga Rossiyanikidan ko‘ra yaxshiroq moslasha oldi. Muhim makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar bo‘yicha Ukraina Rossiyadan sezilarli yaxshiroq natijalarni qayd etmoqda.

2024 yilda Ukraina YaIMi 4 foizga o‘sishi prognoz qilinmoqda, Rossiyaniki esa 0,5–1,5 foiz oralig‘ida qoladi. Ukraina grivnasi barqarorlikni saqlab turibdi, foiz stavkalari nisbatan past – 13,5 foizni tashkil etmoqda. Rossiya iqtisodiyoti esa yuqori inflatsiya, 23 foizga yaqinlashgan foiz stavkalari va bank tizimidagi zaiflikni boshdan kechiryapti

The Economist'ga ko‘ra, Ukrainaga bu yutuqlarga erishishda biznesning harbiy shart-sharoitlarga tez moslashuvi va xorijiy yordamlar muhim rol o‘ynagan.

Qayd etish kerak, Ukraina YaIM urush boshlangan 2022 yilda 28,8 foizga qisqargan, 2023 yilda esa 5,3 foizlik o‘sishni qayd etgandi.

Iqtisodiy o‘sish 2024 yildagi kabi 4 foizlik ko‘rsatkichdan tushib ketmasligi uchun elektr energiyasi, ishchi kuchi va mablag‘ yetishmovchiligi muammolarini hal qilish talab etiladi.

Xususan, Rossiyaning Ukraina energetika infratuzilmasiga uyushtirayotgan hujumlari ortidan yuzaga kelgan energetika inqirozi jiddiy muammo bo‘lib qolmoqda. Elektr tarmoqlari ta’mirlanmoqda, elektr energiyasi importi oshirilyapti, lekin bu vaziyatni tubdan o‘nglash uchun yetarli bo‘lmayapti. Shu bilan birga, ko‘plab korxonalar biogaz va quyosh panellari kabi muqobil energiya manbalaridan foydalanishni boshlagan.

Ishchi kuchi bozori ham katta bosim ostida qolmoqda: harbiy safarbarlik, migratsiya va urush oqibatida ishchi kuchi 20 foizga qisqardi. Vakansiyalar soni ortib boryapti, lekin ammo ularni to‘ldirish qiyin bo‘lib qolmoqda. Shu bilan birga, maoshlar miqdori o‘syapti. Harbiy ehtiyojlar va fuqarolik bozori o‘rtasidagi muvozanatni ta’minlash muhim vazifa bo‘lib turibdi.

Moliyaviy muammolar vaziyatni yanada murakkablashtirmoqda. Hukumat asosan xorijiy yordamga suyanadi. 2025 yil uchun budjet tanqisligi 20 foizni tashkil etishi prognoz qilinmoqda. Yevropa Ittifoqi va G7 kabi ittifoqchilar katta moliyaviy ko‘makni va’da qilganiga qaramay, ayniqsa AQShdagi siyosiy noaniqlik kelgusi moliyaviy oqimlarni xatar ostiga qo‘yishi mumkin.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 122701 | Инструменты