Huawei 2
The Times of Israel: Isroil Falastin fuqarolarini Rafahdan evakuatsiya qilishni boshladi

Isroil G‘azo sektoridagi Rafah shahrida harbiy amaliyotga tayyorgarlik ko‘rayotgan bir paytda aholini bu shahardan evakuatsiya qila boshladi. Isroil harbiylari 6-may, dushanba kuni Misr bilan chegarada joylashgan Rafah sharqiy qismi aholisini "kengaytirilgan gumanitar hudud" – O‘rta Yer dengizi sohilida bir necha kilometr shimolda joylashgan Al-Mavozi lageriga ko‘chib o‘tishga chaqirdi.

Isroil armiyasi Rafah aholisini evakuatsiya haqida arab tilida plakatlar, sms, telefon qo‘ng‘iroqlari va OAV orqali xabardor qilayotganini bildirdi. 

"Bugun ertalab biz Rafah sharqiy qismi aholisini vaqtincha evakuatsiya qilish uchun operatsiya boshladik", dedi Isroil harbiy voizi onlayn-matbuot anjumanida va evakuatsiya 100 mingga yaqin odamni qamrab olganini qo‘shimcha qildi.

HAMASning G‘azo sektoridagi so'nggi tayanch nuqtasi

Qohirada Isroil va HAMAS harakati o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatish va falastinlik mahbuslar evaziga garovga olinganlarni ozod qilish bo‘yicha olib borilgan bilvosita muzokaralar muvaffaqiyatsiz yakunlandi. Rafahda 1,2 millionga yaqin falastinlik Isroil armiyasi va HAMAS kuchlari o‘rtasidagi janglardan boshpana topgan. Isroil hukumati Rafahni HAMASning Falastindagi so‘nggi tayanch nuqtasi deb hisoblaydi va qolgan jangchi guruhlarni mag‘lub etish niyatida. Rafahda isroillik garovga olinganlar ham borligi taxmin qilinmoqda. 

Ittifoqchilar ko‘p sonli tinch aholi qurbon bo‘lishidan tashvilanib, bir necha oy davomida Isroilni Rafahdagi harbiy harakatlardan tiyilishga chaqirmoqda, biroq Isroil hujumni HAMAS harbiy salohiyatini mag‘lub etish uchun muhim deb ataydi va aks holda guruh urushdan keyin kuchayishini ta’kidlaydi. 

Bir kun avval HAMAS jangchilari Isroilning Kerem-Shalom chegara punktiga raketa zarbalari berib, uch isroillik askarni o‘ldirdi. Kerem-Shalom - Isroildan G‘azo sektoriga insonparvarlik yordami yetkazilishi uchun eng muhim chegara nazorat punkti hisoblanadi. Hujumdan keyin Isroil uni gumanitar yuk tashish uchun yopdi va raketalar otilgani taxmin qilingan Rafah yaqinidagi aholi punktiga javob zarbalarini berdi. To‘qqiz falastinlik halok bo‘lgani xabar qilingan. 

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga