Senatning navbatdagi yalpi majlisida “Sanoat namunalarini xalqaro ro‘yxatdan o‘tkazish to‘g‘risidagi Gaaga bitimining Jeneva aktiga (Jeneva, 1999-yil 2-iyul) O‘zbekiston Respublikasining qo‘shilishi haqida”gi Qonun ko‘rib chiqildi.
Muhokama chog‘ida Gaaga bitimining Jeneva akti o‘z mahsulotlarini, birinchi navbatda, tashqi bozorlarda ilgari surishdan manfaatdor bo‘lgan subyektlarga sanoat namunalarini ro‘yxatdan o‘tkazishning amaldagi milliy tizimlarga nisbatan qulayroq tartib-taomilidan foydalanish imkonini berishi taʼkidlandi.
Xususan, bugungi kunda mamlakatimizning ishlab chiquvchisi sanoat namunasi intellektual mulki himoyasini olish uchun bir qator mamlakatlarda tegishli idoraga ushbu mamlakatdagi shakl bo‘yicha va tilda ariza berishga majbur bo‘layotgani, har bir mamlakatda ushbu tartib-taomil uchun har safar alohida haq to‘layotgani aytib o‘tildi.
Gaaga bitimining Jeneva akti milliy ishlab chiquvchilarga barcha tartib-taomillar bajarilishini va hujjatlar tarqatilishini o‘z zimmasiga oladigan Butunjahon intellektual mulk tashkilotiga (BIMT) bitta ariza berish imkonini beradi.
Hozirgi vaqtda 70 ta davlat, shu jumladan MDHning aksariyat mamlakatlari Gaaga bitimining Jeneva akti ishtirokchilari hisoblanadi.
Qonunning qabul qilinishi milliy ishlab chiqaruvchilarning intellektual mulkini himoya qilishni kuchaytirish, shuningdek, yangi mahsulotlar yaratishda ularning javobgarligini oshirish va ishlab chiqarishda patentlangan obyektlardan noqonuniy foydalanishga yo‘l qo‘ymaslik imkonini beradi.
Bundan tashqari, mazkur xalqaro hujjatga qo‘shilish mamlakatimizning Jahon savdo tashkilotiga aʼzo bo‘lishi yo‘lidagi yana bir muhim qadam bo‘ladi.
Qonun Senat tomonidan maʼqullandi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 122301 | Инструменты