Donald Tramp AQSH uzra umumiy qiymati 175 milliard dollar bo‘lgan «Oltin gumbaz» nomli yangi raketaga qarshi mudofaa tizimini yaratish rejasini maʼlum qildi. 20 may, seshanba kuni Oq uyda o‘tkazilgan brifingda so‘zlagan AQSH prezidenti yangi tizimni «chet eldan kelayotgan raketa hujumlaridan himoya qiluvchi raketa qalqoni» deb atadi.
Trampning so‘zlariga ko‘ra, yangi tizim gipertovushli, ballistik va qanotli raketalarni urib tushira oladi. U quruqlikda, dengizda va koinotda joylashtiriladi. «Baʼzi radarlar va tutqichlar koinotga joylashtiriladi», — deya aniqlik kiritdi respublikachi. Xuddi shu brifingda AQSH mudofaa vaziri Pit Xegsetning aniqlik kiritishicha, yangi tizim oddiy yoki yadroviy qurol bo‘lishidan qatʼi nazar, turli turdagi raketalar va dronlarni tutib olish uchun mo‘ljallangan.
Donald Trampning taʼkidlashicha, tizim «taxminan uch yildan keyin» prezidentlik muddati tugagunga qadar ishga tushishi kerak. Uning so‘zlariga ko‘ra, Kanada rasmiylari raketaga qarshi mudofaa tizimiga qo‘shilishni istamoqda va muzokaralar kutilmoqda. «Oltin gumbaz» dasturi rahbari AQSH kosmik kuchlari boshlig‘ining o‘rinbosari, general Maykl Getleyn bo‘ladi.
Tramp Isroilning shunga o‘xshash nomdagi «Temir gumbaz» raketaga qarshi mudofaa tizimini tilga olib, Amerikaning «Oltin gumbazi» «juda rivojlangan» bo‘lishini taʼkidladi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 52307 | Инструменты