Huawei 1
«AQSh bilan savdo nizolarini tezroq hal qilishimiz kerak» - G7 sammitidan dastlabki bayonotlar

Kanadaning Banf shahri vaqti bilan 21 may, chorshanba kuni G7 moliya rahbarlari sakkizta ishchi sessiya o‘tkazadi. Keyin esa payshanba kuni tushdan so‘ng yakuniy matbuot anjumani bo‘lib o‘tadi.

Muhokama qilinadigan mavzular orasida: so‘nggi xalqaro rivojlanish va iqtisodiy prognozlar uchun xavflar, iqtisodiy barqarorlikni oshirish, global o‘sish siyosati, rivojlanish masalalari, sun’iy intellektdagi xavf va imkoniyatlar hamda moliyaviy jinoyatlar mavjud.

Vashington bilan kelishuv va Ukrainaga yordam 

Yig‘ilish oldidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida Germaniya moliya vaziri Lars Klingbeil AQSh bilan davom etayotgan savdo nizolari imkon qadar tezroq hal qilinishi kerakligini aytdi. Vazir bu barcha tomonlar manfaatiga xizmat qilishini ta’kidladi, deya xabar bermoqda Reuters.

“Bojlar va noaniqliklar iqtisodiyotimizga, shu orqali ish o‘rinlarining barqarorligiga ham bosim qilmoqda”, — deydi Klingbeil.

Tramp ma’muriyati AQShga import qilinadigan po‘lat, alyuminiy va avtomobillarga 25 foizlik, deyarli barcha davlatlarga esa asosiy 10 foizlik boj joriy qilgan. Shuningdek, agar 90 kunlik muzokaralar davomida kelishuvga erishilmasa, qo‘shimcha “o‘zaro” bojlar ham kutilmoqda. Yevropa Ittifoqi uchun bu bojlar  20 foizgacha yetishi mumkin.

Germaniya va Yevropa Ittifoqi Vashington bilan kelishuvga erishmoqchi, biroq vaqt o‘tmoqda. “Dunyoning eng yirik yagona bozori sifatida, biz manfaatlarimizni himoya qilishga qat’iy bel bog‘laganmiz”, — dedi Klingbeil YeI nomidan.

Ikki hafta oldin lavozimga kirishgan vazir G7 dagi hamkasblari bilan shaxsan uchrashish imkoniyatiga ega bo‘lganidan mamnunligini bildirdi. Klingbeil global notinchliklar fonida xalqaro hamkorlikni mustahkamlash har qachongidan muhim ekanini ta’kidladi.

“Biz G7 mamlakatlari Ukraina tomonida qat’iy turganini aniq ko‘rsatishimiz kerak”, — dedi u. Shuningdek, vazir guruh adolatli va barqaror tinchlikni ta’minlash uchun qo‘lidan kelgan barcha ishni qilayotganini qo‘shimcha qildi.

Klingbeilning aytishicha, G7 uchrashuvlarining yana bir muhim mavzusi – “Rossiya prezidenti Vladimir Putinning urushi natijasida yuzaga kelgan dahshatli vayronalardan keyin Ukrainani tiklash”, xususan, investitsiyalarni qanday jalb qilish masalasi bo‘ladi.

G7 dan Kanada nimalar kutyapti?

Kanada moliya vaziri Fransua-Filipp Shampan G7 moliya vazirlari global iqtisodiy o‘sish va barqarorlikni tiklash bo‘yicha siyosatlar yuzasidan kelishib olishga harakat qilishlarini aytdi. U, shuningdek, AQShning yangi boj tariflari yuzasidan keskinliklar davom etishini tan oldi.

Shampanning aytishicha, Alberta shtatidagi Banf tog‘-kurort shahrida keyingi ikki kun davomida bo‘lib o‘tadigan uchrashuvlar ortiqcha ishlab chiqarish quvvatlari, bozor tamoyillariga zid amaliyotlar hamda moliyaviy jinoyatlar haqida muhokamalarni o‘z ichiga oladi. 

«Biz vakillik qilayotgan fuqarolarga xizmat qilishni istasak, asosiy vazifamiz barqarorlik va o‘sishni tiklash bo‘lishi kerak»,  dedi Shampan matbuot anjumanida.

Uning ta’kidlashicha, muhokamalar G7 doirasida ham, shuningdek, AQSh moliya vaziri Skott Bescent bilan ikki tomonlama tarzda ham olib boriladi – bu prezident Donald Trampning yangi boj tariflarini savdo hamkorlariga ta’siri bilan bog‘liq.

“Bunday masalalarda doim taranglik bo‘ladi, lekin shu bilan birga, birgalikda erishishimiz mumkin bo‘lgan katta natijalar ham bor. Biz harakatlarimizni muvofiqlashtirib, ortiqcha ishlab chiqarish quvvatlari, bozor tamoyillariga zid harakatlar va moliyaviy jinoyatlar kabi yirik muammolarga qarshi kurashmoqchimiz”, — dedi Shampan. 

AQSh vakili Bescent esa Xitoyning davlat tomonidan boshqariladigan, eksportga yo‘naltirilgan iqtisodiy siyosatlarini tanqid qilib, bu ortiqcha ishlab chiqarish quvvatlari tufayli jahon bozorini arzon mahsulotlar bilan to‘ldirishga va bu orqali G7 hamda boshqa bozor iqtisodiyotlariga zarar yetkazayotganini ta’kidlamoqda.

Biroq Yaponiya, Germaniya, Fransiya va Italiya kabi G7 a’zolari uchun iyul oyi boshida o‘zaro boj stavkalari 20 foiz yoki undan ko‘proqqa oshishi mumkin. Buyuk Britaniya esa cheklangan savdo kelishuviga erishgan bo‘lsa-da, hali ham ko‘plab tovarlardagi 10 foizlik AQSh bojlaridan aziyat chekmoqda. Mezbon Kanada esa Tramp tomonidan kiritilgan 25 foizlik alohida bojlar bilan kurashmoqda.

Shampan, shuningdek, G7 davlatlari Xitoydan kelayotgan arzon, kichik qiymatdagi posilkalar orqali olib kirilayotgan kontrabanda mahsulotlarini nazorat qilish yo‘llari muhokama qilinishini bildirdi. 

Tramp ma’muriyati Xitoydan keladigan 800 dollardan kam qiymatdagi yuklarga bojsiz imtiyozni bekor qilgan. Bu imtiyoz bekor qilinganidan keyin, Xitoydan keladigan past narxli yuklarning noqonuniy yo‘l bilan masalan, fentanil (mushaklarni bo‘shashtiradigan narkotik modda) va uning ishlab chiqarilishiga yordam beruvchi kimyoviy moddalar kontrabanda qilinayotganiga nisbatan xavotirlar paydo bo‘lgan. Ya’ni Xitoydan arzon paketlar orqali narkotiklar va ularning tarkibiy qismlari noqonuniy ravishda boshqa mamlakatlarga o‘tkazilayotgani ta’kidlanmoqda.

Fentanil kontrabandasini kamaytirish – AQShning Kanada va Meksika mahsulotlariga qo‘llanayotgan 25 foiz bojlari hamda Xitoy mahsulotlariga qo‘llanayotgan 20 foiz bojlarni bekor qilishda muhim omil hisoblanadi.

Shampan Ukraina moliya vaziri Sergiy Marchenko bilan birga matbuot anjumanida qatnashib, Kanadaning Ukrainani Rossiya bosqiniga qarshi kurashda qo‘llab-quvvatlashi davom etishini bildirdi. U, shuningdek, Kanada Ukrainaning “kanadacha model”ga asoslangan pensiya tizimini yaratishga yordam berishni ko‘rib chiqayotganini aytdi.

Marchenko jurnalistlarga bergan bayonotida Rossiyaga qarshi sanksiyalarni kuchaytirish zarurligini yana bir bor G7 oldida ko‘tarishni maqsad qilganini ta’kidladi. Xususan, u Rossiya neft eksportiga qo‘yilgan 60 dollar/barrel narx chegarasini pasaytirish taklifini ilgari surishini ma’lum qildi.

Kanada moliya vaziri Fransua-Filipp Shampan seshanba kuni Ukraina uchun o‘zining pensiya tizimini yaratishda yordam ko‘rsatishni ko‘rib chiqayotganini ma’lum qildi.

“Men Sergiy bilan birga, qator pensiya jamg‘armalari va juda muhim investorlar bilan uchrashish imkoniyatiga ega bo‘ldim, bu bizni kelgusida qanday qadamlar kutayotgani haqida o‘ylashga undadi”, — dedi u G7 uchrashuvlari boshlanishidan oldin  Ukraina moliya vaziri bilan birgalikda o‘tkazilgan matbuot anjumanida.

“Biz shuningdek, qanday qilib birgalikda ishlashimiz mumkinligini va Ukraina pensiya tizimini yaratishda eng yaxshi tajribalarni qanday bo‘lishishimiz mumkinligini o‘yladik”, dedi Shampan.

Uning ta’kidlashicha, Kanada Ukrainaning tiklanishiga katta yordam bera oladi. Marchenko Kanadadagi yirik pensiya jamg‘armalari, masalan, Fairfax vakillari bilan uchrashgan.

Ukrainaga yordam G7 moliya liderlarining yig‘ilishida muhokama qilinishi kutilmoqda

Shampan, shuningdek, Kanada 2022 yil boshidan beri Ukraina uchun ko‘rsatgan yordamini davom ettirishini ma’lum qildi.

Kanada bu yil G7 ning navbatdagi mezboni bo‘lib, payshanba kuniga qadar moliya rahbarlari yig‘ilishini o‘tkazadi. Ushbu yig‘ilish iyun oyida bo‘lib o‘tadigan asosiy liderlar uchrashuviga tayyorgarlik hisoblanadi. Ukraina ushbu yig‘ilishda mehmon sifatida ishtirok etmoqda.

“Yurtimizda Ukraina moliya vaziri Marchenko bilan birga bo‘lishimiz, dunyoga katta signal — bu do‘stimiz Ukraina bilan yonma-yon turishimizni ko‘rsatadi. Biz Rossiyani javobgarlikka tortamiz va barchamiz birgalikda Ukrainaning tiklanishini bir qismiga aylanamiz”, — dedi Shampan.

G7 uchrashuvlarida, shuningdek, tiklanish uchun xususiy investitsiyalarni jalb qilish va mobilizatsiya masalasi ham muhokama qilinishi kutilmoqda. G7 vakillarining so‘zlariga ko‘ra, Ukrainani tiklash uchun 10 yil davomida 500 milliard dollardan ortiq mablag‘ talab etiladi.

Shu bilan birga, AQSh prezidenti Donald Tramp dushanba kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan ikki soatlik telefon suhbatini o‘tkazgan va suhbatdan so‘ng Rossiya va Ukraina darhol otashkesishni muhokama qilishni boshlashlarini aytgandi.

Biroq Kreml jarayon vaqt talab qilishini bildirgan va Tramp Yevropaning yangi sanksiyalarni joriy qilishiga qo‘shilishga tayyor emasligini ma’lum qilgan.

Rasmiylar tomonidan sammit oldidan o‘tkazilgan brifinglarda ta’kidlanganidek, yakuniy maqsad uzoq muddatli o‘sishni qo‘llab-quvvatlash, global iqtisodiyotga tahdid soluvchi xavflarni bartaraf etish, Ukraina uchun yordamni davom ettirish va rahbarlarga muhokama qilish uchun platforma taqdim etishdir.

«Agar siz G7 tarixiga qarasangiz, u har doim dunyo bo‘ylab farovonlikni oshirishga harakat qilgan. Shuning uchun, aynan shu vaqtda bu muhokamalar dunyo iqtisodiyoti uchun juda muhimdir. Menimcha, dunyo nafaqat bizning muhokamalarimiz, balki harakatlarimizni va natijalarimizni ham kuzatadi», — dedi Shampan. 

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 52223 | Инструменты