AQSh prezidenti Donald Tramp o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida AQSh va Isroil Eronga qarshi yangi harbiy zarbalarni vaqtincha amalga oshirmasligini ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSh Eronga qarshi keng ko‘lamli harbiy amaliyot boshlashga to‘liq tayyor bo‘lgan. Biroq Eron hamda Yaqin Sharqning boshqa davlatlari Vashingtondan hujumni amalga oshirmaslikni so‘ragan. Trampning ta’kidlashicha, bunga Eron bilan ehtimoliy kelishuvning asosiy parametrlari bo‘yicha kelishuvga erishilgani sabab bo‘lgan.
AQSh prezidentining qayd etishicha, ehtimoliy kelishuv ikki asosiy talabni o‘z ichiga oladi. Ular - Ho‘rmuz bo‘g‘ozini zudlik bilan to‘liq ochish hamda Eronning yadroviy dasturidan kelib chiqadigan tahdidni bartaraf etishdir.
«Ushbu murojaatni inobatga olib va butun dunyo kelajagi manfaatlarini hisobga olgan holda, shuningdek, barqaror va farovon Eronni ko‘rish istagida men hujumni bekor qilishga rozi bo‘ldim. Biroq bu kelishuv tez orada imzolanishi sharti bilan amalga oshadi. Isroil ham ushbu yondashuvni qo‘llab-quvvatlamoqda», - deb yozdi Tramp.
Shu bilan birga, The Wall Street Journal nashri manbalarga tayanib xabar berishicha, Tramp avvalroq Eronni yon berishga majburlash maqsadida yangi harbiy zarbalar seriyasiga ruxsat bergan. Biroq diplomatik muzokaralarda ijobiy siljish kuzatilsa, AQSh prezidenti ushbu qarorni qayta ko‘rib chiqishi va muzokaralarga qaytishi mumkin.
CBS News telekanali ma’lumotiga ko‘ra, AQSh va Isroil Eronning energetika infratuzilmasiga qarshi birgalikda hujum uyushtirishni rejalashtirgan. Rejaga muvofiq, asosiy nishonlar sifatida neftni qayta ishlash zavodlari hamda elektr stansiyalari belgilangan bo‘lib, harbiy operatsiya butun dam olish kunlari davom etishi mumkin edi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 80314 | Инструменты