Huawei 1
Tramp Los-Anjyelesga dengiz piyoda askarlari va ko‘proq milliy gvardiyachilarni yubordi

AQSh federal hukumati antimigratsion reydlarga qarshi norozilik namoyishlari fonida Los-Anjyelesda joylashtirilgan milliy gvardiyachilar sonini ikki barobarga, ya’ni 4000 kishiga yetkazishga qaror qildi. Bu haqda Kaliforniya gubernatori Gevin Nyusom 9 iyun, dushanba kuni X ijtimoiy tarmog‘ida ma’lum qildi.

Milliy gvardiyaning yangi bo‘linmalaridan tashqari Kaliforniyadagi "Kemp-Pendlton" bazasidan 700 nafar dengiz piyoda askarlari ham Los-Anjyelesga yuboriladi. AQSh prezidenti ma’muriyati bu qarorni «federal xodimlar va binolarga nisbatan tahdidlarning kuchayishi» bilan izohladi, deb yozadi AFP.

AQSh prezidenti Donald Tramp Los-Anjyelesda davom etayotgan norozilik namoyishlarini izohlar ekan, «professional agitatorlar va isyonchilarni» tartibsizliklarni keltirib chiqarganlikda aybladi. U Kaliforniyaga mahalliy hokimiyatlarga emas, balki federal markazga bo‘ysunadigan kuch tuzilmalarining yanada ko‘proq vakillarini yuborish bilan tahdid qildi. Truth Social ijtimoiy tarmog‘idagi postida Tramp yuborilgan askarlarga «hurmatsizlik» ko‘rsatadigan namoyishchilarga zo‘ravonlik bilan tahdid qildi.

Kaliforniya gubernatori Gevin Nyusom AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyatidan Los-Anjyelesga Milliy gvardiya «qo‘shinlarini noqonuniy joylashtirish» haqidagi qarorini bekor qilishni rasman talab etdi. 

«Tramp aralashmaguncha muammoga duch kelmadik. Bu davlat suverenitetini jiddiy buzish — keskinlikni kuchaytirib, resurslarni haqiqatan ham zarur bo‘lgan joydan chiqarib yuborish», deb yozgan Nyusom postida va unga Pentagon rahbari Pit Hegsetga murojaati suratini ilova qilgan.

Nyusom postda ta’kidlaganidek, agar vaziyat davlat hokimiyatiga tahdid soladigan xorijiy bosqin yoki qo‘zg‘olonlarga taalluqli bo‘lmasa, u mintaqa rahbari sifatida federal yordam so‘rash to‘g‘risida qaror qabul qilishi kerak. Vashington nazorati ostida Los-Anjyelesga Milliy gvardiya qo‘shinlarining kiritilishi «vaziyatni jiddiy ravishda kuchaytirish» bilan tahdid soladi – bu qaror bekor qilinib, mintaqaviy bo‘linmalar mahalliy hokimiyat nazoratiga qaytishi kerak, dedi siyosatchi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 61101 | Инструменты