Huawei 1
Tramp ma’muriyati Suriyadagi «Oq kaskalar» tashkilotini moliyalashtirishni qisman to‘xtatdi

AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Suriyadagi «Oq kaskalar» volontyorlar tashkiloti faoliyatini moliyalashtirishning asosiy qismini to‘xtatib qo‘ydi, deb xabar beradi CNN.

Ma’lumotlarga ko‘ra, AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) «Oq kaskalar»ning yong‘inlarga qarshi kurash hamda qidiruv-qutqaruv ishlarini moliyalashtirishni to‘xtatgan. USAID ushbu tashkilotga tegishli bildirishnoma yuborgan. Tashkilot agentlik bilan aloqada bo‘lib turibdi va yordamning qayta tiklanishiga umid qilmoqda.

USAID vakili Kongressga yo‘llagan xatida 21 mart holatiga ko‘ra, agentlik 5,3 mingdan ortiq dastur, jumladan, «Oq kaskalar» bilan 30 million dollarlik shartnomani moliyalashtirishni to‘xtatganini ma’lum qilgan. Biroq Suriya tashkilotida AQSh Davlat departamenti tomonidan ajratilgan 1,4 million dollar mablag‘ hali ham mavjud.

«Oq kaskalar» rahbarining o‘rinbosari Faruh Habib moliyalashtirish qisqartirilishining oqibatlari «halokatli» ekani va tashkilot ehtiyojlari «keskin oshgani»ni ta’kidlagan.

«Oq kaskalar» — Suriyadagi mojaro oqibatida jabrlanganlarga yordam ko‘rsatuvchi volontyorlik tashkiloti. Unga 2013 yilda asos solingan. Dastlab u nohukumat guruhlar nazorati ostidagi hududlarda faoliyat yuritgan, 2024 yil dekabrda Bashar Asad rejimi qulaganidan so‘ng esa butun Suriya bo‘ylab ish olib borgan. USAID «Oq kaskalar»ning eng yirik donorlaridan biri hisoblanadi.

«Oq kaskalar» Suriyadagi kimyoviy hujumlar haqida ma’lumot beruvchi manba sifatida bir necha bor e’tirof etilgan. Rossiya esa tashkilotni kimyoviy hujum qurbonlari ishtirokidagi soxta videolarni tayyorlash va terrorchi guruhlar bilan aloqadorlikda ayblagan. O‘z navbatida, «Oq kaskalar» Rossiyani harbiy jinoyatlarda ayblagan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 33109 | Инструменты