AQShning saylangan prezidenti Donald Tramp ayni vaqtda uning Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashuviga tayyorgarlik ko‘rilayotganini aytdi.
«U uchrashishni istamoqda va biz tayyorgarlik ko‘ryapmiz», — degan Tramp Floridadagi Mar-a-Lago qarorgohida respublikachi gubernatorlar bilan uchrashuv oldidan jurnalistlarga.
«Prezident Putin uchrashmoqchi. U buni hatto omma oldida aytdi va biz bu urushni yakunlashimiz kerak. U qonli g‘alva», — deya qo‘shimcha qilgan Tramp Ukrainadagi urushni nazarda tutgan holda, u bu bir necha bor bu urushga barham berishni va’da qilgan, ammo buni aynan qanday qilmoqchi ekaniga aniqlik kiritmagan.
Tramp tayyorgarlik aynan qanday ketayotgani va Rossiya rahbari bilan uchrashuv qachon bo‘lishiga ham aniqlik kiritmadi.
RF prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Donald Tramp Kreml bilan muloqotga tayyorligini olqishlagan, ammo bunday uchrashuvni uyushtirish borasida hali ham aniq gap yo‘qligini qo‘shimcha qilgan. «Buning uchun hech qanday shartlar talab etilmaydi. Muloqot o‘tkazish, mavjud muammolarni muloqot orqali hal qilish uchun o‘zaro xohish va siyosiy iroda talab etiladi, — degan Peskov 10 yanvar kungi brifingda. — Biz janob Tramp ham muammolarni muloqot orqali hal etishga tayyorligini bildirayotganiga guvohmiz. Biz buni mamnuniyat bilan qabul qilamiz».
Avvalroq Peskov jurnalistlarga agar Tramp 20 yanvar kungi inauguratsiyasidan keyin Rossiya prezidenti bilan bog‘lanmoqchi bo‘lsa, Moskva buni faqat olqishlashini aytgandi.
«Agar lavozimga kirishilganidan keyin ham yuqori darajadagi aloqalarni tiklash bo‘yicha siyosiy iroda saqlanib qolsa, unda albatta, prezident Putin buni faqat olqishlaydi», — degandi u.
Donald Tramp 7 yanvar kuni o‘z qarorgohidagi brifingda Putin bilan yarim yil ichida uchrashuv o‘tkazishga umid qilayotganini aytgandi.
Peskov payshanba kuni bunday uchrashuv bo‘yicha hozircha Amerika tomonidan so‘rov kelib tushmaganini ma’lum qilgandi.
Putinning o‘zi dekabr oyidagi jonli muloqotda Tramp bilan uchrashishga tayyorligini aytgandi.
Noyabr oyida, Donald Trampning prezidentlik saylovlaridagi g‘alabasidan bir hafta o‘tanida, Washington Post gazetasi saylangan prezident Putin bilan telefon orqali gaplashgani va Ukrainadagi urushni muhokama qilganini yozgandi.
Kreml bu ma’lumotni «uydirma» deb atagan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 11021 | Инструменты