AQSH prezidenti Donald Tramp kelgusi hafta Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan uchrashib, urush haqida suhbatlashishi mumkinligini ma’lum qildi.
Tramp bu uchrashuv shaxsan bo‘ladimi yoki videokonferensiya tarzida o‘tkazilishiga aniqlik kiritmadi. U Yaponiya bosh vaziri Sigeru Isibani Oq uyning Oval kabinetida qabul qilish paytida jurnalistlarning savollariga javob berar ekan, mazkur ehtimol haqida gapirdi.
Tramp “ehtimol, kelgusi hafta prezident Zelenskiy bilan uchrashishini” aytdi.
AQSH yetakchisi, shuningdek, rossiyalik hamkasbi bilan uchrashishga yana qiziqish bildirib, Putin bilan doimo “yaxshi munosabatlar”da bo‘lganini ta’kidladi.
Zelenskiy bilan uchrashuv joyi haqidagi savolga javob berar ekan, Tramp o‘zi “shu yerda — Vashingtonda” ekanligini aytib, Kiyevga borish niyati yo‘qligini qo‘shimcha qildi.
Men bu urush shunchaki insoniylik nuqtai nazaridan tugashini istardim. Bu bema’ni urush, dedi Tramp.
U Zelenskiy bilan Ukraina boyliklarini, xususan, noyob yer minerallari xavfsizligini ta’minlash haqida gaplashmoqchi ekanligini va AQSHning qo‘llab-quvvatlashi evaziga “teng miqdorda nimadir” olishni istayotganini aytdi.
Biz ular ham o‘z navbatida shunday javob berishlarini xohlaymiz, dedi Oq uy rahbari.
Zelenskiy Trampning bayonotiga javoban Vashington va Kiyev muzokaralar o‘tkazishni rejalashtirganini ma’lum qildi.
Biz har doim prezident Tramp bilan hamkorlikni qadrlaymiz. Jamoalar darajasida uchrashuvlar va muzokaralar o‘tkazishni ham rejalashtirganmiz. Ukraina va AQSH jamoalari allaqachon tafsilotlarni ishlab chiqmoqda, deb yozdi Zelenskiy X platformasidagi postida.
Zelenskiy ma’muriyati rahbari Andrey Yermakning aytishicha, Kiyev shu oyda Trampning Ukrainadagi maxsus vakili Kit Kellogning tashrifini kutilmoqda. Yermak Kellog bilan jang maydonidagi vaziyat, Ukraina tinch aholisi xavfsizligi va shu oy oxirida bo‘lib o‘tadigan yillik Myunxen xavfsizlik konferensiyasidagi uchrashuvlar kabi mavzularni muhokama qilganini ta’kidladi.
Avvalroq, Donald Tramp ma’muriyati Ukrainaga harbiy yordam yetkazib berishni bir necha kunga to‘xtatib qo‘ygani va keyin qayta tiklagani haqida xabar qilingandi. Oq uy ma’lumotga izoh berishdan bosh tortgandi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 21503 | Инструменты