Turkiya tomoni AQSh davlat kotibi Entoni Blinken boshchiligidagi delegatsiya bilan Anqarada o‘tkazilgan muzokaralar davomida Rossiyaning Gazprombankiga nisbatan sanksiyalarni yumshatish masalasini ko‘tardi, deb xabar beradi Hurriyet gazetasi.
Ma’lum qilinishicha, Turkiya Gazprombank orqali bitimlarni amalga oshirish imkoniga ega bo‘lish maqsadida uni sanksiyalar ro‘yxatidan chiqarish uchun zarur arizalarni topshirgan. Amerika tomoni arizalardan xabari bor ekani va ushbu «masala ko‘rib chiqilayotgani»ni ma’lum qilgan.
Turkiya energetika va tabiiy resurslar vaziri Alparson Bayraktarning ta’kidlashicha, Gazprombankka qarshi sanksiyalar to‘g‘risidagi qaror Turkiyaga ham ta’sir ko‘rsatmoqda.
Avvalroq Turkiya TIV rahbari Hoqon Fidan AQShning Gazprombankka qarshi sanksiyalar joriy etganini tanqid qilgandi, chunki uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatdagi gaz importining 40 foizi «Gazprom»ga bog‘liq.
AQSh Moliya vazirligi 2024 yil 21 noyabr kuni Gazprombank va uning oltita shu’ba kompaniyasini sanksiyalar ro‘yxatiga kiritdi. Vazirlik xabarida aytilishicha, Rossiya Gazprombankdan mamlakat harbiylari uchun to‘lovlarni o‘tkazishda foydalanmoqda. Ertasi kuni Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov AQShning Gazprombankka qarshi sanksiyalari «Yevropaga gaz yetkazib berilishiga xalaqit qilishga urinish deya hisoblash mumkinligini» ma’lum qilgandi.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin 5 dekabr kuni Rossiya gazi uchun to‘lovlar endi bitta aniq bank orqali to‘lash tartibini bekor qilgandi. Ilgari bunday — yagona — moliyaviy institut Gazprombank edi. Shunday qilib, Putin o‘zining 2022 yil 31 martdagi farmoniga o‘zgartirish kiritdi, unda Gazprombankka Rossiya gazi uchun to‘lovlar bo‘yicha yagona adresat bo‘lish huquqi berilgan. Bunday moliyaviy operatsiyalarni amalga oshirish uchun xorijiy xaridorlardan rubl va valutada maxsus hisobraqamlarini ochish talab qilindi. Sanksiyalar kiritilgandan so‘ng, bu hisoblar avtomatik ravishda o‘z ahamiyatini yo‘qotdi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 121500 | Инструменты