Huawei 1
Turkiyada 5,8 magnitudali zilzila sodir bo‘ldi

Turkiyaning janubi-g‘arbiy sohillarida 5,8 magnitudali zilzila sodir bo‘ldi. Bu haqda mamlakatning Tabiiy ofatlar va favqulodda vaziyatlar boshqarmasi (AFAD) xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, zilzila epimarkazi Egey dengizida, Marmaris shahridan 10,43 km uzoqlikda. Zilzila o‘chog‘i esa 67,91 kilometr chuqurlikda joylashgan. Mug‘la gubernatori Idris Oqbiyiq zilziladan keyin vahimaga tushib balandlikdan sakragan 34 kishi jarohatlanganini aytgan.

Hozirda jami jarohatlanganlar soni 69 kishini tashkil etmoqda. Yer silkinishi tufayli 14 yoshli bola vahimaga tushib, vafot etgan. Jami 55 kishi shifoxonalarga murojaat qilgan. 14 nafar odam shifoxonaga borishga rozi bo‘lmay, joyida davolangan.

Zilziladan so‘ng shaharda energiya ta’minoti va infratuzilmasi, tabiiy gaz ta’minoti, ichimlik suvi va kanalizatsiya infratuzilmasi faoliyatida salbiy holatlar kuzatilmagan.

Turkiyada kuzatilgan kuchli zilzila

Eslatib o‘tamiz, 2023-yil fevral oyida Turkiyada Rixter shkalasi bo‘yicha 7,5 balldan yuqori bo‘lgan bir nechta kuchli zilzilalar ketma-ket sodir bo‘ldi. Tabiiy ofat zonasi 11 provinsiya va qo‘shni mamlakatlarni qamrab oldi. 50 mingdan ortiq kishi halok bo‘ldi.

Shuningdek, turk olimlari Marmar dengizi hududiga Istanbulga ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan kuchli zilzilani prognoz qilmoqda. Bunday hodisalar vaqti-vaqti bilan sodir bo‘lib turadi. Ularning oxirgisi 1999-yilda kuzatilgan va 17 mingdan ortiq odamning hayotiga zomin bo‘lgan.

Seysmologlar ta’kidlashicha, 2030-yilgacha bo‘lgan istiqbolda xuddi shunday kuchli zilzila ehtimoli juda katta. Biroq uning oqibatlari yanada halokatli bo‘ladi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 60602 | Инструменты