Xitoy davlat teleradiokompaniyasi xabar berishicha, Venchjou shahrida yirik jinoyatchilik bilan shug‘ullanib kelgan Ming oilasining 39 nafar a’zosiga sud hukmi o’qildi. Ular Myanmaning Xitoy bilan chegaradosh Laukkaing shahrida joylashgan firibgarlik markazlarini boshqarib kelgan.
Tergov natijalariga ko‘ra, 2015-yildan beri Ming oilasi onlayn firibgarlik, noqonuniy qimorxona faoliyati, narkotiklar savdosi va boshqa bir qator jinoyatlar bilan shug‘ullangan. Ular boshqargan firibgarlik markazlaridan tushgan noqonuniy daromad 10 milliard yuandan (1,4 milliard AQSh dollari) ortiq mablag‘ni tashkil qilgan.
Oila Laukkaingdagi “Crouching Tiger Villa” nomi bilan tanilgan 10 mingdan ortiq ishchiga ega markazlarni boshqarib kelgan. Ishchilarning ko‘pchiligi odam savdosi qurboniga aylangan va muntazam ravishda qiynoqqa solib kelingan.
Xitoy davlat OAV bergan ma’lumotlariga ko’ra, 30-sentabr kuni Ming oilasi a’zolariga quyidagicha sud hukmi o‘qilgan:
- 11 nafariga – o‘lim jazosi;
- 5 nafariga – shartli o‘lim jazosi (2 yilga kechiktirilgan);
- 11 nafariga – umrbod qamoq;
- 12 nafariga – 5 yildan 24 yilgacha ozodlikdan mahrum etish.
Xalqaro munosabat va keskin choralar
Ming oilasi Myanmada ham eng kuchli jinoiy tarmoqlardan biri sifatida tanilgan. 2023-yilda Myanma hukumati ularning qidiruvdagi ko‘plab a’zolarini Xitoy politsiyasiga topshirgan. Oila yetakchisi Ming Xuechang hibsga olinayotganda o‘z joniga qasd qilgani haqida mish-mishlar ham yo’q emas.
Xitoy hukumatining bu masalaga nisbatan qat’iy yondashuvi xalqaro miqyosda e’tibor qozondi. Pekin bosimi ostida Tailand ham Myanma bilan chegaradosh hududlardagi firibgarlik markazlariga qarshi choralar ko‘ra boshladi. Biroq, bunday jinoyat tarmoqlari tezda yangi yo’llar orqali Kambodjaga ko‘chib, faoliyatini boshqa mamlakatlarda davom ettirmoqda.
BMT bunday markazlarni “firibgarlik fabrikalari” deb atagan. Ming oilasiga berilgan bu og‘ir jazolar — Xitoyning bunday jinoyatlarga murosasiz yondashuvini tasdiqlovchi kuchli signali bo’ldi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 100421 | Инструменты