Yaponiyaning Sidzuoka prefekturasi okrug sudi qotillik bo‘yicha ayblanib, 47 yildan ortiq vaqt qamoqda o‘tirgan va keyinchalik oqlangan 89 yoshli Ivao Hakamadaga 217 million iyena (1,44 million dollar) tovon puli to‘lash bo‘yicha qaror chiqardi, deb yozmoqda NHK.
Hakamada 1966 yilda Sidzuoka prefekturasida to‘rt kishidan iborat oilani o‘ldirganlikda ayblangan. U o‘lim jazosiga hukm qilingan, ammo 2024 yil oktyabrda o‘tkazilgan qayta sud jarayonida okrug sudi Hakamadani oqlagan. Sudga ko‘ra, tergov organlari ish bo‘yicha dalillarni soxtalashtirgan.
Hakamada himoyasi u 47 yil yetti oy davomida nohaq qamoqda saqlanganini ta’kidlab, 2025 yil yanvar oyida sudga da’vo kiritgan va tovon puli talab qilgan. Arizada keltirilishicha, Hakamada hozirga qadar hibsda o‘tkazgan yillarining asoratlaridan aziyat chekmoqda.
Sud tovon to‘lash talabini qanoatlantirib, Hakamada 47 yillik qamoq muddatining 33 yilini o‘lim jazosi ijro etilishini kutish bilan o‘tkazgani, bu esa unga jismoniy va ruhiy azob berganini qayd etgan.
Hakamada uchun sud tomonidan belgilangan tovon puli Yaponiya tarixida bu kabi holat uchun to‘lanadigan rekord mablag‘ hisoblanadi.
Hakamadani himoya qilgan yuristlar guruhining ma’lum qilishicha, ular, shuningdek, Sidzuoka prefekturasi va milliy hukumatga qarshi ham da’vo kiritmoqchi. Advokatlarga ko‘ra, rasmiylar «200 million iyena bilan ham oqlab bo‘lmaydigan jinoyatni» sodir etgan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 32604 | Инструменты