Yaponiyada 1 iyundan kompaniyalar uchun yangi qoidalar kuchga kirdi. Unga ko‘ra, ish beruvchi o‘z xodimlarini issiqdan himoya qilishga majbur. Aks holda ular 500 ming iyena (salkam 3,5 ming dollar) miqdorida jarimaga tortiladi, deb xabar bermoqda Bloomberg.
Mamlakat Sog‘liqni saqlash vazirligi bunday choralarning kuchaytirilishini o‘tgan yozda kuzatilgan anomal yuqori harorat bilan izohlamoqda. 2024 yil iyul oyi Yaponiya meteokuzatuvlari tarixidagi eng issiq yoz oyiga aylangan va oqibatda 30 kishi halok bo‘lgan, shuningdek, 1,2 mingga yaqin odam jabrlangan edi.
Bu ayniqsa, quruvchilar va ishlab chiqarishdagi ishchilarga kuchli ta’sir qilgan. Yangi qoidalarga ko‘ra, har bir xodimning yonida sherigi bo‘lishi kerak. Bundan tashqari, ish beruvchi ishchilarni ularning sog‘lig‘i holatini nazorat qiladigan maxsus qurilma bilan ta’minlashi kerak bo‘ladi.
Shu bilan birga, ish beruvchilar zimmasiga harorat indeksini nazorat qilish majburiyati yuklandi. Agar u Tselsiy bo‘yicha 28 darajadan oshib ketsa yoki havo harorati bir soat davomida 31 daraja bo‘lsa, tegishli choralarni ko‘rish kerak: xonani sovitish, qo‘shimcha tanaffuslar tashkil etish, issiq urishi belgilari yuzaga kelsa — birinchi yordam ko‘rsatish.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining baholashicha, 2000 yildan 2019 yilga qadar har yili issiq ob-havo tufayli qariyb 500 ming o‘lim holati qayd etiladi. Xalqaro mehnat tashkiloti esa 33-34 daraja issiqda inson o‘z ishchanligini 50 foizgacha yo‘qotishidan ogohlantiradi. 2030 yilga borib havoga chiqarilayotgan zararli gazlar qisqarmasa, issiqlik stresi oqibatida yuzaga keladigan iqtisodiy zarar 2,4 trillion dollarga yetishi mumkin.
Yaponiyada yirik kompaniyalar allaqachon ushbu qoidalarga rioya qilishni boshlagan. Shimizu Corp. qurilish kompaniyasi barcha xodimlarini termometrlar bilan ta’minlagan, Yamato Transport Co. yetkazib berish xizmati esa 75 mingta sovitish nimchalari va 3 mingta harorat hamda namlikni o‘lchash uskunalarini xarid qilgan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 60507 | Инструменты