Huawei 1
Yaqqol belgilarsiz rivojlanadigan uch xavfli kasallik haqida ma’lumot berildi

Zamonaviy tibbiyotda o‘ta xavfli hisoblangan kasalliklarni ham samarali muolaja qilish yo‘llari topilmoqda. O‘z navbatida, davolash mumkin bo‘lgan xastaliklar oqibatida hayotdan ko‘z yumayotgan yoki umrbod to‘shakka mixlanib qolayotganlar ham bor.

Xo‘sh, buning sababi nimada?  

Rossiyalik shifokor A.Xuxrev xorijiy OAVdagi chiqishida buning keng tarqalgan omillaridan biri haqida to‘xtaldi.

Mutaxassis fikricha, ba’zi patologiyalarni dastlabki rivojlanish bosqichida ilg‘ash qiyin. Chunki ular aksariyat hollarda aniq simptomlarsiz kechadi. Saraton, ateroskleroz va jigar kasalliklari shular sirasidan.

Masalan, saratonga erta bosqichda aniq tashxis qo‘yish uchun tizimli tibbiy tekshiruvlar talab etiladi. U yaqqol belgilarsiz rivojlanishi mumkin. Xususan, oshqozon osti bezi va yo‘g‘on ichak saratoni xavfli bosqichga o‘tgunga qadar, odatda, birmuncha "sokin" bo‘ladi.

Shifokorning qo‘shimcha qilishicha, xuddi shunday holat aterosklerozga ham tegishli. Negaki, u tegishli "signal"larsiz namoyon bo‘ladi.

Jigar xastaliklari alomatlari ham darhol sezilmaydi. Boisi bu organda og‘riq retseptorlari yo‘q.

Yuqorida sanalgan kasalliklar ro‘yxatida gipertoniya ham bor. To‘g‘ri, ba’zi bemorlar qon bosimi sal oshgani zahoti o‘zini noxush his qilib, yaqqol belgilarni his qiladi. Ammo ayrimlar arterial bosimi 200 mm simob ustuniga ko‘tarilmaguncha, organizmida hech qanday o‘zgarishni ilg‘amasligi mumkin.

Xorijlik vrach o‘z mulohazalari yakunida shunday xulosa qiladi: erta va aniq tashxis orqali xavfli kasalliklarni samarali davolasa bo‘ladi. Buning uchun aholi vakillari har yili chuqurlashtirilgan tibbiy tekshiruvlardan o‘tib turishi zarur.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 91710 | Инструменты