Yevropa Ittifoqida yirik kompaniyalarga sotilmay qolgan yoki xaridorlar tomonidan qaytarilgan kiyim-kechak va poyabzallarni yo‘q qilish taqiqlandi. Yangi qoidalarga ko‘ra, bunday mahsulotlar qayta foydalanishga yo‘naltirilishi, xayriya tashkilotlariga berilishi yoki qayta ishlanishi shart.
Mazkur talablar Yevropa Ittifoqining Ekodizayn reglamenti (ESPR) doirasida 19 iyul kuni kuchga kirdi. Yangi tartib mahsulotlarning xizmat muddatini uzaytirish, chiqindilar hajmini qisqartirish va atrof-muhitga salbiy ta’sirni kamaytirishga qaratilgan.
Qoidalarga ko‘ra, faqat ayrim holatlarda mahsulotlarni yo‘q qilishga ruxsat beriladi. Xususan, agar mahsulot xavfsizlik talablariga javob bermasa, jiddiy shikastlangan yoki ifloslangan bo‘lsa, shuningdek uni qayta ishlash imkoni bo‘lmasa, utilizatsiya qilish mumkin.
Bundan tashqari, Yevropa Ittifoqidagi xayriya tashkilotlariga taklif etilgan, ammo belgilangan muddatda qabul qilinmagan tovarlarni ham yo‘q qilishga ruxsat beriladi.
Germaniya Chakana savdo uyushmasi (HDE) fikricha, yangi tartib xaridorlar uchun ham foydali bo‘lishi mumkin. Chunki kompaniyalar sotilmay qolgan mahsulotlarni yo‘q qilish o‘rniga ularni autletlar yoki ikkinchi qo‘l tovarlari bozori orqali chegirma narxlarda sotishga harakat qiladi.
Bu esa arzonroq mahsulotlar taklifining ortishiga xizmat qilishi mumkin.
Yevropa komissiyasi ma’lumotiga ko‘ra, faqat kiyim-kechakni utilizatsiya qilish jarayonining o‘zida yiliga 5,6 million tonna SO₂ atmosferaga chiqariladi. Bu taxminan 2–3 million avtomobilning bir yillik chiqindisiga teng.
Yevropa atrof-muhit agentligi hisob-kitoblariga ko‘ra, har yili Yevropa bo‘ylab 600 ming tonnagacha umuman kiyilmagan to‘qimachilik mahsulotlari chiqindixonalarga tashlanadi.
Faqat Germaniyaning o‘zida 2021 yilda xaridorlar qaytargan qariyb 17 million dona kiyim-kechak yo‘q qilingan.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, bu katta miqdordagi xomashyo, suv va energiya resurslarining behuda sarflanishiga hamda iqlim o‘zgarishiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 72210 | Инструменты