Pekin universiteti tadqiqotchilari - ilmiy xodim Yi Yang va professor Syaodong Song nufuzli Nature Geoscience jurnalida o'z taqdqiqotlari natijalarini chop etganlaridan so'ng, matbuotda Yer yadrosi aylanishdan to'xtab qolgani haqida xabarlar va shov-shuvlar ko'paya boshladi.
Aslida nima bo'lmoqda? O'zbekiston Fanlar Akademiyasi Astronomiya institutining ilmiy xodimi Kamoliddin Ergashev bu bo'yicha qisqa va sodda tarzda tushuntirishlar berdi.
Ma'lumki, sayyoramiz - Yer qobig'i, mantiya, ichki va tashqi yadrolardan tashkil topgan. Ya'ni, Yer mantiyasi va ichki yadro orasida suyuq tashqi yadro joylashgan va bu holat ichki yadroga Yerning o'zidan boshqacharoq tezlikda aylanish imkonini beradi.
Shunda, Yer tashqi qobig'i va yadrosi tezliklari holatini quyidagicha sharhlash mumkin:
1. Yer aylanadi, yadro esa undan biroz tezroq aylanadi. Bu taxmiman 2009-yillarga qadar shunday edi.
2. Yer aylanadi, yadro esa u bilan bir xil tezlikda aylanadi. Natijada, Yer sathidagilar uchun yadro to'xtab qolgandek tuyuladi. Aslida esa, fazoda ikkalasi bir xil tezlikda aylanaveradi.
3. Yer aylanadi, yadro esa undan biroz sekinroq aylanadi. Natijada, Yer sathidagilar uchun yadro teskari aylanayotgandek tuyula boshlaydi. Aslida ikkalasi ham fazoda bir yo'nalishda, faqat biroz farqli tezliklar bilan aylanayotgan bo'ladi.
Avstraliya Milliy universiteti geofiziki Xrvoje Tkalchic ning fikricha aylanish sikli har 20-30 yilda takrorlanadi.
Ilmiy maqolalarni jurnalistikada noto'g'ri sharhlash yoki ma'lum bir maqsadlar uchun ataylab buzib ko'rsatish tufayli turli shov-shuvlar kelib chiqadi. Yer yadrosi to'xtab qolganligi haqidagi gaplar ham masalaning tub mohiyatiga yetib borilmaganligi tufayli kelib chiqqan shov-shuv xolos, deydi olim.
Alpha version: 0.9.1.19 build 60602 | Инструменты