Huawei 1
Yevropalik diplomatlar Trampning Ukrainani tashlab qo‘yishidan xavotirda – OAV

Yevropalik diplomatlar AQSH Prezidenti Donald Tramp Ukrainani qo‘llab-quvvatlashdan voz kechib, Rossiya bilan iqtisodiy hamkorlikka urg‘u berishidan xavotirda. Bu haqda “The Guardian” xabar berdi.

Nashrning yozishicha, Yevropa yetakchilari joriy yilning 19 may kuni Tramp va Rossiya Prezidenti Vladimir Putin o‘rtasida bo‘lib o‘tgan telefon suhbatidan so‘ng ko‘ngilsizlik va hatto g‘azab hissiyotlarini boshdan kechirgan. Trampning bu suhbatni tasvirlashdagi hurmat ohangi va AQSH ma’muriyatining Rossiyaga nisbatan sanksiyalarni kuchaytirishga istak bildirmagani Yevropa uchun “yomon tush”dek tuyulgan – ya’ni AQSHning Ukraina mojarosidan chekinish ehtimoli paydo bo‘lgan.

Nashr tahliliga ko‘ra, bu holat Vashingtonning Rossiyaga nisbatan pozitsiyasida yumshash belgilarini ko‘rsatmoqda va Yevropa Ittifoqi ichida xavotirli signal sifatida qabul qilinmoqda.

Bundan oldin Finlyandiya Prezidenti Aleksandr Stubb Trampning Putinning noaniq pozitsiyalaridan charchagani va AQSH Senatining Rossiyadan neft xarid qiluvchi davlatlarga nisbatan sanksiyalarni joriy qilishini kutayotganini bildirgan edi. Biroq bu umidlar o‘zini oqlamagan.

Tramp ma’muriyati esa mojaroni hal qilish faqat urushayotgan tomonlarning o‘ziga bog‘liq ekanini ta’kidlamoqda.

“Bu Yevropa ishi edi va shundayligicha qolishi kerak. Bu bizning urushimiz emas”, degan AQSH vitse-prezidenti Jeyms Devid Vens. 

Shunga qaramay, Trampning maxsus vakili Kit Kellogg yevropaliklarga AQSH tomonidan ishlab chiqilgan 20 banddan iborat tinchlik rejasi haqida ma’lumot berganini aytgan. Bu esa Trampning faqat ikki tomon kelishishi kerak degan bayonotiga zid keladi.

“Tramp aslida sulhni xohlaydi. U o‘z saylovchilariga “soliqlaringiz Ukrainaga bekorga ketmayapti” deyishni istaydi. U Putinni tiyishni, ammo Yevropaning yetakchilik qilishini istaydi”, degan Kellogg.

Nashrning qo‘shimcha qilishicha, Trampning Putin bilan iliq munosabatda bo‘lishi, Rossiyaning Ikkinchi jahon urushidagi qurbonliklarini e’tirof etishi ham Yevropaning xavotirlarini battar kuchaytirib yuborgan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 52500 | Инструменты