Ukraina prezidenti ofisi rahbari Andrey Yermak Rossiya bilan urushni tugatish bo‘yicha muzokaralar qachon boshlanishini ma’lum qildi. Bu haqda “Suspline Lvov” nashri xabar berdi.
Yermakning so‘zlariga ko‘ra, muzokaralarni boshlash uchun Rossiya urushni davom ettirishga yordam beradigan resurslardan mahrum bo‘lishi kerak.
“Men yana bir bor ta’kidlayman, ular (ittifoqchilar) faqat kuchlilarga yordam beradi, shuning uchun kuchli bo‘lish kerak. Barqaror tinchlik bo‘yicha haqiqiy muzokaralar dushmanning urushni davom ettirish uchun resurslari tugagandagina boshlanadi, shu bois oldinda juda ko‘p ish bor”, degan u.
Andrey Yermak 24-oktyabr kuni prezident Vladimir Zelenskiy g‘alaba rejasi taqdim etilganini eslatdi. Mazkur hujjat xalqaro hamkorlarga qaratilgan bo‘lib, mamlakatning pozitsiyasi va urushni tugatishning real mexanizmlarini belgilab beradi.
Amaldorga ko‘ra, 1261 mahalliy kengashdan 1087 tasi rejani qo‘llab-quvvatlovchi murojaatni qabul qilgan. Yana 174 ta kengash esa buni yaqin kelajakda amalga oshirmoqchi.
“Ushbu murojaatda g‘alaba rejasining asosiy mazmuni va uni qo‘llab-quvvatlashga chaqiriqlar mavjud. Natijalar ko‘p jihatdan bizning asosiy hamkorlarimiz: AQSH, Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya, Italiya, Daniya, Polsha, Norvegiya, Yaponiya va boshqa mamlakatlarning pozitsiyasiga bog‘liq”, deya taʼkidladi Ukraina prezidenti ofisi rahbari.
Yermak ukrainaliklar jahon hamjamiyatiga Ukrainadagi urushni tugatish bo‘yicha o‘z qarashlarini faol ravishda bildirayotganini aytdi.
Ukraina delegatsiyalarining xorijiy tashriflari allaqachon sezilarli natijalarni bergan, dedi amaldor.
Rossiya tomonidan Ukrainaga qarshi boshlangan keng ko‘lamli urush 1028 kundan buyon davom etmoqda. Kiyev uchun qariyb 1200 kilometrga cho‘zilgan front, ayniqsa Pokrovsk yo‘nalishidagi vaziyat og‘irligicha qolyapti. Ukraina armiyasi Donetsk viloyatidagi eng so‘nggi sanoat markazini tashlab chiqishi mumkin.
Alpha version: 0.9.1.19 build 121820 | Инструменты