Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyning taʼkidlashicha, halok bo‘lgan harbiylarning jasadlarini almashish chog‘ida Rossiya tomoni Kiyevga Rossiya va boshqa davlatlar fuqarolarining jasadlarini ham topshirgan va ular Ukraina harbiylari ekanini daʼvo qilmoqda. Bu haqda u 21 iyun kuni bo‘lib o‘tgan brifingda maʼlum qildi.
«Masalan, ularning tarafida jang qilgan isroillik yollanma askar bor. Isroil fuqarosi. Isroil hujjatlari bilan. Vaholanki, ular bizga bular faqat ukrainlar va faqat harbiylar ekanini aytishgandi. Ammo bu allaqachon tasdiqlangan yolg‘on», – deya Zelenskiyning so‘zlarini keltirgan “RBK-Ukraina”.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bular yagona holatlar emas.
«Baʼzida bu jasadlar yonida Rossiya pasporti bilan ham kelgan. Bu shuni anglatadiki, ular hatto kimni yuborayotganini o‘zlari ham tekshira olmaydi, chunki odam juda ko‘p. Ekspertiza kerak. Bunga qancha vaqt kerakligini bilmayman ham», – deya qo‘shimcha qildi Ukraina prezidenti.
“RBK-Ukraina”ning yozishicha, uchrashuvda qatnashgan jurnalistlarga dalil sifatida jasadlarning yonidan chiqqan, RF fuqarosi pasporti hamda boshqa hujjatlar ko‘rsatilgan.
Zelenskiyning fikricha, Moskva bu bilan qurbon bo‘lgan ukrain harbiylari sonini sunʼiy ravishda oshirib ko‘rsatishga harakat qilmoqda.
Ukraina bungacha ham Istanbul kelishuvlari doirasida jasadlarni almashish jarayonida Rossiya Ukraina o‘z askarlari jasadlarini topshirganini aytib chiqqandi. Xususan, mamlakat ichki ishlar vaziri Igor Klimenko ham jasadlarning yonidan rossiyalik harbiylarning hujjatlari topilganini maʼlum qilgandi.
Rossiya prezidenti yordamchisi, Ukraina bilan muzokaralarda Rossiya delegatsiyasiga rahbarlik qilgan Vladimir Medinskiy ukrainlarning bu daʼvolarini gebbelscha propagandaga qiyoslagan.
«Bizning jangchimizning tanasi shunchaki jang maydonidan olingan, keyin esa ukrain propagandachilari katta o‘rtoqlari o‘rgatgan metodikani eslab qolishgan», – deya taxmin qilgandi u.
Alpha version: 0.9.1.19 build 62216 | Инструменты