Huawei 1
Zelenskiy va Tramp Kanadada uchrashadi

AQSh prezidenti Donald Tramp Kanadaning Alberta provinsiyasida «Katta yettilik» sammiti doirasida Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan uchrashuv o‘tkazadi. Bu haqda Oq uyda rasman ma’lum qilindi.

Sammit bir kun avval boshlangan va 17 iyungacha davom etadi. Tadbirga mehmon sifatida taklif etilgan Zelenskiy seshanba kuni Kanadaga yetib borishi kutilmoqda.

2025 yil boshidan buyon Tramp va Zelenskiy ikki marta uchrashgandi. Ularning birinchi uchrashuvi Oq uyda 28 fevral kuni, Zelenskiy yer osti boyliklari bo‘yicha kelishuvni imzolash uchun kelganida bo‘lib o‘tgan. Ammo prezidentlar uchrashuvining boshidayoq jurnalistlar ko‘z o‘ngida og‘zaki tortishuv bo‘lib o‘tdi, shundan so‘ng Zelenskiy Vashingtonni tark etdi, kelishuv imzolanmay qoldi, Tramp esa bir necha kunga Ukrainaga harbiy va razvedka yordamini to‘xtatib qo‘ydi.

Tramp va Zelenskiyning ikkinchi uchrashuvi 26 aprel kuni Vatikanda Rim papasi Fransiskning dafn marosimi doirasida bo‘lib o‘tdi. Bu uchrashuv nisbatan muvaffaqiyatli kechdi, OAV Ukraina prezidenti Trampni Rossiyaga nisbatan qat’iyroq pozitsiyani egallashga ko‘ndirishga muvaffaq bo‘lgani haqida yozdi. Shundan so‘ng Tramp haqiqatan ham Moskvaning xatti-harakatlarini omma oldida tez-tez tanqid qila boshladi.

Tramp Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan Oq uyga qaytganidan beri biror marta ham uchrashmagan – ammo ular besh marta telefon orqali gaplashgan, oxirgi marta bu 14 iyun kuni sodir bo‘lgandi. O‘shanda birinchi marta suhbatning asosiy mavzusi Rossiya-Ukraina urushi emas, balki Isroilning Eronga hujumi bo‘ldi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 71701 | Инструменты