Huawei 1
Dunyoning eng boy xonimlari qancha boylikka egalik qiladi?

 Dunyo mamlakatlaridagi oilalarda biznes faqat erkaklar tomonidan boshqarilmaydi. Dunyoda ayrim ayollar borki, ular uy bekasi bo’lishdan ko’ra, o’z harakatlari bilan milliardlab dollarlarga egalik qilishni istashadi, yoki bu ularga qaysidir qarindoshlari, hech bo’lmaganda turmush o’rtoqlari tomonidan hadya qilinadi. 

Shu tariqa ular o’zlari bilmagan holda “Dunyoning eng boy ayollari” ro’yxatidan joy olishadi.  “Forbes” jurnali ana shunday ayollarning 2021-yilda ko’rsatgan “karomatlari”ni hisoblab, ularning Top-10 ligini tuzdi.

Masalan, bu yilda dunyoning eng boy ayollari ro'yxatini L'Oréal biznes imperiyasining vorisi Fransua Bettenkort Mayers boshqarmoqda.Uning qo’lida jami 328 nafar ayol ishlaydi. Ularning 108 nafari esa o’z hayotini o’zi mustaqil qurgan tadbirkorlar hisoblanadi.

Demak, biz dunyoning eng boy ayollariga va ularning aprel oyigacha bo’lgan faoliyatlariga to’xtalib o’tamiz.

1. Fransua Bettankur-Mayers va uning oilasi

U o’z oilasi bilan “L'Oréal” kompaniyasining 33% aksiyalariga egalik qiladi. Uning boyligi $ 73,6 milliard ni tashkil qiladi.
Yoshi: 67
Fuqaroligi: Fransiya
Nimadan boyigan?  L'Oreal kompaniyasi 

Bettankur-Mayers o'z boyligini onasi Lilian Bettenkordan meros qilib olgan (2017-yilda vafot etgan).

Ma’lumotlarga ko’ra, 2020 yil oxirida kompaniyaning 33,6 milliard dollarlik foydasi 6 foizga kamayadi. Bu esa qisman iste'molchilarning karantin paytida kosmetikaga bo’lgan qiziqishi yo’qolishi bilan bog'liq deyish mumkin. Biroq, kosmetika (ayniqsa, terini parvarish qilish vositalari) ga bo'lgan talab qayta tiklangach, kompaniya o’z daromadini 38% ga oshirgan.

2. Elis Uolton

Uning boyligi 61,8 milliard dollarga teng.
Yoshi: 71
Fuqaroligi: AQSh
Nimadan boyigan?  Walmart 

“Wal-Mart” do'konlari nafaqat AQSh, balki dunyodagi eng katta chakana savdo tarmog'i hisoblanadi. U 10 000 dan ortiq do'konlarni o'z ichiga oladi.

“Wal-Mart” aksiyalari 2020 yil mart oyining o'rtalaridan beri 5 foizdan oshgani tufayli o'tgan yilda Elis Uolton 7,4 milliard dollar ishlab topgan.

3. Makkenzi Skott

Uning umumiy boyligi 53 milliard dollarga yetadi.
Yoshi: 50
Fuqaroligi: AQSh
Nimadan boyigan?  “Amazon” asoschisining sobiq xotini 

Amazon asoschisi Jeff Bezosning sobiq rafiqasi Makkenzi Skott pandemiya davrida eng yirik xayriyachiga aylangan. U o’sha paytda AQShdagi notijorat tashkilotlarga 5,8 milliard dollar pul ajratgan. Uning ajratgan pullari hududlarda irqiy tenglik, LGBT+ huquqlari va sog'liqni saqlash sohasidagi loyihalarni qo'llab-quvvatlashga sarflangan. Ma’lumot uchun, Jeff Bezos va Makkenzi Skott 2019 yil yanvar oyida ajrashishini e’lon qilib, keyinchalik do’st bo’lib qolishini ma’lum qilgan edi. Yaqinda Skott yana qayta oila qurdi. U amerikalik o‘qituvchi Den Jettga turmushga chiqdi. Bu ma’lumot “Giving Pledge” xayriya kompaniyasi veb-saytidagi Skottning shaxsiy sahifasida paydo bo‘lgan. Uning a’zolari o‘z boyliklarining kamida yarmini xayriya ishlariga sarflashga va’da bergan. Dan Jett Skottga xayriya ishlariga qo‘shilishini va shu va’daga rioya qilishini yozgan. Bezosning sobiq rafiqasi Makkenzi Skott xayriya ishlariga 1,7 mlrd dollarni sarflab yuborgan.

4. Juliya Kox va uning oilasi

Uning bor boyligini sanab chiqsangiz, umumiy hisobda 46,4 milliard dollarni hisoblab chiqqan bo’lasiz.

Yoshi: 58
Fuqaroligi: AQSh
Nimadan boyigan? “Koch Industries” investitsiyalari

«Koch Industries» kompaniyasi rahbarlaridan biri bo’lgan Devid Koxning xotini bo’lgan Yuliya va uning bolalari o'tgan yili o’z daromadlari bo'yicha AQShning eng yirik xususiy kompaniyasi bo'lgan “Kox Industries” oilaviy biznesining 42 foiziga egalik qiladi. Kompaniya savdo, investitsiyalar, neftni qayta ishlash, kimyo sanoati, sun’iy tolalar va plastmassalar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi.

Ma’lumot uchun, Koxlar oilasi 2018-yili dunyodagi eng boy oilalar reytingida uchinchi o‘ringa ko‘tarilgan. Charlz (1935-yilda tug‘ilgan) va Devid (1940-yilda tug‘ilgan) — «Koch Industries» asoschisi Fred Koxning o‘g‘illari. Ularning boyligi bir yilda 125 milliard dollargacha oshgan. Uning eri Devid Kox esa 2019-yilda vafot etgan.

Biroq, ma’lumotlarga ko’ra, u erining o’limidan so’ng biznesni to’liq o’zi boshqarmagan. Kompaniya direktorlar kengashi raisi Devidning akasi Charlz ham kompaniya aksiyalarining 42 foiziga egalik qilib kelmoqda.

 5. Miriam Adelson

Uning boyligi 38,2 milliard dollarga yetgan.
Yoshi: 75
Fuqaroligi: AQSh
Nimadan boyigan? Kazino biznesi

Bugungi kunda Miriam Adelson “Las Vegas Sands” kazino korporatsiyasining 56% aksiyalarini nazorat qiladi. Bu paytgacha ushbu katta biznes 87 yoshida vafot etgan eri Sheldon Adelsonga tegishli bo’lgan.

Ma’lumot uchun, Sheldon Gari Adelson - amerikalik tadbirkor va investor. Forbes jurnalining 2020 yil iyul oyidagi ma'lumotlariga ko'ra, uning boyligi 30,8 milliard dollarni tashkil etgan va bu orqali u dunyodagi eng boy odamlar reytingida 28-o'rinni egallagan. Kompaniya 2020 yilning ikkinchi choragida pandemiya tufayli 985 million dollar yo'qotgan. Sabab shundaki, o’sha paytda uning ikkita kazino va kurortlari karantin tufayli yopilgandi. Mart oyida “Las Vegas Sands” o’z e’tiborini Osiyo mamlakatlariga qaratish uchun Las-Vegasdagi mol-mulkini 6,25 milliard dollarga sotishini e'lon qilgan.

6. Jaklin Mars

U shirinlik va oziq-ovqat biznesi bilan jami 31,1 milliard dollar jamg’arishga erishgan.
Yoshi: 81
Fuqaroligi: AQSh
Nimadan boyigan?  “Mars” Inc. shirinliklari, hayvonlar uchun oziq-ovqat mahsulotlari

Jaklin Mars va uning ukasi Jon “Mars Inc.” kompaniyasining uchdan bir qismiga egalik qiladi. Bu 40 milliard dollarlik konfet, uy hayvonlari uchun ozuqa, qolaversa, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqaruvchi kompaniya hisoblanadi.

 7. Yang Xuiyan va uning oilasi

Uning daromadi umumiy hisobda 29,6 milliard dollarni tashkil etadi.
Yoshi: 39
Fuqaroligi: Xitoy
Nimadan boyigan? “Country Garden Holdings” ko’chmas mulk loyihalari

Yang Xuiyan Xitoyning “Country Garden Holdings” kompaniyasining 58 foizga yaqin ulushiga egalik qiladi. “Country Garden Holdings” turar joy binolari, savdo majmualari, ofislar va mehmonxonalarni qurish va keng ko‘lamli bunyodkorlik loyihalariga investitsiya kirituvchi nafaqat Xitoyda, balki dunyoda tan olingan yirik kompaniyalardan biri hisoblanadi.

Ma’lumotlarga ko’ra, kompaniyaning asoschisi bo’lgan otasi 2007 yildan so’ng o'z biznesidagi ulushini qiziga o'tkazib bergan. Biroq, pandemiya “Country Garden Holdings”ning ham aksiyalari deyarli 14 foizga tushib ketishiga olib kelgan. Bundan tashqari, Yang AQShda ro'yxatdan o'tgan “Bright Scholar Education Holdings” kompaniyasini boshqaradi.

8. Syuzanna Klatten

Uning boyligi 28,7 milliard dollarga teng.
Yoshi: 58
Fuqaroligi: Germaniya
Nimadan boyigan?  “BMW” kompaniyasi aksiyalari, farmatsevtika

Syuzanna Klatten “BMW” kompaniyasi aksiyalarining 19,1 foizini onasi Yoxanna Kvandtdan meros sifatida olgan. Uning onasi kompaniyani avtomobil bozorida katta muvaffaqiyatga erishishida xizmat qilgan Gerbert Kvandtga turmushga chiqqan. 

Bundan tashqari, MBA (Master of Business Administration) diplomiga ega investor Syuzanna bobosi asos solgan kapital miqdorini o'zgartirishga katta yordam bergan va uning to'liq egalik qiladigan “Altana AG” kompaniyasini kimyoviy mahsulotlar ishlab chiqarish darajasi bo'yicha jahon miqyosiga olib chiqqan.

 9. Jina Reynxart

Uning boyligining hozirgi holati 23,6 milliard dollardan oshgan.
Yoshi: 67
Fuqaroligi: Avstraliya
Nimadan boyigan? Tog’-kon va qishloq xo'jaligi kompaniyasi

Reynxart Avstraliyaning eng boy odamlari ro’yxatida 1-raqamlarda yoziladi. U hozirda otasi, tadqiqotchi Lang Xankok (1992 yilda vafot etgan) tomonidan tashkil etilgan “Hancock Prospecting Group” tog’-kon va qishloq xo'jaligi kompaniyasini boshqaradi. 2020-yil hukm surgan pandemiya davrida Temir rudasi sanoati katta to’siqlarga duch keldi, deyish mumkin. Biroq, undan so’ng yana bozor iqtisodiyoti tiklangach, Reynxartning 77 foizlik ulushi yana-da qimmatlashdi.

10. Iris Fontbona va uning oilasi

Uning boyligi 23,3 milliard dollarni tashkil etadi.
Yoshi: 78
Fuqaroligi: Chili

Nimadan boyigan?  Konchilik

Raynxart kabi Fontbonaning ham hayotda qo’lga kiritgan boyliklari tog’-kon sanoatidagi “karomatlar”i hisobiga paydo bo’lgan.

U o'z boyligini tog'-konchilik hamda ichimliklar ishlab chiqarishda yig’gan Androniko Luksichning bevasi (2005 yilda vafot etgan) hisoblanadi.

Uning eri Antonio Androniko Luksich “Luksic Group” asoschisi hisoblanib, Chilining eng boy odamiga aylangan edi. Fontbona va uning bolalari Chilidagi Antofagasta tog'-kon kompaniyasini boshqaradi. Uning sotuv hajmi 2020 yilda 5,1 milliard dollarni tashkil etgan.  Shuningdek, ushbu xonim ichimliklar va boshqa bir qancha korxonalarda faoliyat yurituvchi, Chilining davlatga tegishli Quiñenco konglomeratining ko'p ulushiga ham egalik qiladi.

Ushbu raqam va pullardan shuni aytish mumkinki, dunyoning eng boy ayollarining aksariyati 50 yoshdan oshgan. Faqatgina xitoylik Yanggina bu ro’yxatda burilish yasagan, deyish mumkin. Bundan tashqari, ushbu ro’yxat vakillariga “Biznesda qarindosh-urug’chilik ketmaydi” iborasini ishlatish ham umuman o’rinsiz, desa bo’ladi.

Internet ma'lumotlari asosida Mushtariy Oqboyeva tayyorladi

Izohlar: 1
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 112407 | Инструменты