O‘zbekistonda har yili “Xush kayfiyat” respublika ko‘rik-tanlovi hamda har ikki yilda bir marta “Tabassum” xalqaro kulgi festivali o‘tkaziladi

Prezidentning "Respublikada milliy askiya va qiziqchilik san’atini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori qabul qilindi.

Qarorga ko'ra, O'zbekistonda har yili so‘z ustalari va qiziqchilar o‘rtasida “Xush kayfiyat” respublika ko‘rik-tanlovi hamda askiya kechalari, bundan tashqari askiya va milliy qiziqchilik san’atini jahon miqyosida targ‘ib qilish maqsadida har ikki yilda bir marta “Tabassum” xalqaro kulgi festivali o'tkaziladi.

Shuningdek, har yili askiya va qiziqchilar jamoalarining mahalliy gastrol safarlari, respublikadagi madaniyat markazlari, madaniyat va san’at yo‘nalishidagi ta’lim tashkilotlarida askiya va qiziqchilik san’ati to‘garaklari va ijodiy jamoalari hamda ularning jamoatchilik uchun har yili hisobot konsertlari tashkil etiladi.

Askiya va qiziqchilik san’ati bilan shug‘ullanuvchi ijodiy jamoalar va yozuvchi-dramaturglar tomonidan birgalikda yaratilgan hajviy asarlarni sahnalashtirish, ushbu yo‘nalishda ilmiy tadqiqotlar olib borish va aholiga xush kayfiyat ulashishga qaratilgan konsert-tomosha tadbirlari davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi. 

Unga ko'ra:

- har yili kamida 3 ta ilmiy-tadqiqot ishlariga davlat buyurtmasini tanlovlar asosida shakllantirish;

- har yili kamida 5 ta sahnada namoyish etishga mo‘ljallangan hajviy asar uchun davlat buyurtmasini berish;

- ijodiy tanlov asosida erkin ijodkor va jamoalar tomonidan har yili kamida 10 ta konsert-tomosha tadbiri va askiya kechalariga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlarni qoplab berish;

- har yili kamida 25 ta yuksak badiiy saviyadagi Internet va ijtimoiy tarmoqlar uchun mo‘ljallangan audiovizual asarlar yaratish uchun davlat buyurtmasini berish, bunda eng keng ommalashgan 5 ta audiovizual asar ijodkorlarini Madaniyat va turizm vazirligi hay’atining qarori bilan bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari miqdorida (16,5 mln so'm) bir martalik pul mukofoti bilan taqdirlanishi ko'zda tutilgan.

Bundan tashqari, davlat organlari, muassasalari va korxonalari har chorakda kamida bir marotaba budjetdan tashqari mablag‘lari hamda kasaba uyushmalari mablag‘lari hisobidan o‘z xodimlarining madaniy-estetik hordiq chiqarishlari uchun ommaviy-madaniy va konsert-tomosha tadbirlarini tashkil etish, shuningdek, konsert, sirk va teatrlarga, askiya, qiziqchilik va so‘z san’ati tomoshalariga kirish uchun chipta va abonementlarni xarid qilish amaliyoti yo‘lga qo'yiladi.

Ushbu qarorda belgilangan tartibda o‘zining mahorat maktabini yaratgan ijodkorlar davlat budjeti mablag‘lari hisobidan asosiy ish joyi orqali har oyda mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 5 baravari (4 mln 900 ming so'm) miqdorida qo‘shimcha rag‘batlantirib boriladi.

Shuningdek, 2024/2025-o‘quv yilidan boshlab Karim Zaripov nomidagi Respublika estrada va sirk kolleji hamda Farg‘ona ixtisoslashtirilgan san’at maktabida “askiya va qiziqchilik san’ati” yo‘nalishi ochilishi belgilandi. 

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 121400 | Инструменты